O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hashar–eldagi hamjihatlik, ezgu istaklar namoyishi
2018-03-12 | Jamiyat
Yurtimizga o‘z ko‘rk-u tarovati bilan bahor kirib keldi. Haroratda iliqlik, ko‘cha va xiyobonlarimizdagi daraxtlar, gullar-u maysalar ham mana “ochilish” qiyofasiga kirish arafasida. Elda ham o‘zgacha g‘ayrat-u shijoat.
Har bahorda shu holatni kuzatish mumkin. Uyg‘onish, yangilanish fasli yurtdoshlarimizni ham qo‘lni qo‘lga berishga undaydi. Yurtni obod qilmoq, el koriga yaramoq fursati axir bu.
Toshkent shahar hokimining Farmoyishiga ko‘ra, joriy yilning fevral-mart oylarida obodonlashtirish, tozalik oyligi hamda 24-25-fevral va 3-4, 10-11-mart kunlari “Ozodalik kuni” deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan obodonlashtirish, tozalik oyligi hamda “Ozodalik kuni”ni o‘tkazilmoqda.
Shu jumladan poytaxtimizning barcha tumanlarida aholi yashash joylari, ko‘p qavatli binolar, uylar atroflari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklarni, shuningdek bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, barcha turar joy mavzelari, mahallalarda gul, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish, bo‘sh hududlarda bog‘lar barpo etish, mavjud daraxtlarni butash va oqlash kabi ko‘plab tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun erta tongdan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ahillik mahallasida ham katta hashar tashkil qilindi. 3815 nafar aholi istiqomat qiladigan ushbu mahallada keksa-yu yosh birdek mehnat qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Mahallasining obodligiga va ko‘rkam bo‘lishi uchun qo‘llaridan kelgan barcha xizmatga tayyor ekanliklarini ko‘rsatib berishdi. Ahillik MFY raisi Urinov Telmon akaning takidlashicha, Ahillik mahallasining nomi ham aynan ushbu maskanda istiqomat qilayotgan kishilarning, bir-birlariga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib qo‘yilgan deydi biz bilan suhbatga kirishar ekan.
Binobarin bugun poytaxtimizning qay bir go‘shasida bo‘lmang “Ozodalik kuni”ni o‘zgacha olib borayotgan yurtdoshlarimizga ko‘zimiz tushadi. Bugun “Aloqabank” bosh boshqarmasi vakillari ham hasharga o‘z hissalarini qo‘shayotgani Amir Temur shoh ko‘chasida obod bo‘lishi uchun mehnat qilayotganlariga guvoh bo‘ldik.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Oltin tepa qabristonida ham ozodalik kuni keng miqyosida amalga oshirilayotgani va qabriston atrofidagi devorlarni mustahkam va ko‘rkam holatga keltirish uchun mehnat qilayotgan bir guruh yurtdoshlarimizga “Hormang” deya kuch quvvat tiladik.
Bahorni bejiz “yangilanish fasli” deyishmaydi. Axir xalqimizning eng aziz shodiyonlaridan biri bo‘lmish Navro‘zi olam yaqin. Navro‘z kun-u tunning tengligi barobarida yangi yilning boshlanishi hamdir. Yangi yilga esa yaxshi niyat, ezgu amallar bilan qadam qo‘yishga nima yetsin. Shunday ekan, xalqimizning azaliy qadriyatlaridan sanalmish umumxalq hashariga marhamat.
Yurtning obodligi yo‘lida hissa qo‘shmoq baxti barchamizga muborak bo‘lsin!