O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar korxonalarida mahsulotlarni eksportga yuklashda yuzaga kelayotgan logistika tizimidagi muammolar va uni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida
2018-03-12 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2018-yil 27-fevral kuni import hajmini qisqartirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, eksportni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, respublikaning har bir hududida, xususan Toshkent shahrida joriy yilning 9 mart kuni eksportyor korxonalar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov boshchiligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari E.Tojiyev, Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari S.Saifnazarov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisining o‘rinbosari A.Kamalov, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i D.Dexqonov hamda masalaga aloqador vazirlik va idoralarning mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda tadbirkorlarga bugungi kunda yaratib berilayotgan imkoniyatlar batafsil tushuntirib berildi, jumladan yuklarni temir yo‘llari va avtomobil transportida tashish bo‘yicha yangi koridorlar ochilganligi, tariflar kamaytirilganligi va qo‘shimcha texnikalar jalb qilinganligi kabi ko‘plab qulayliklar.
Eksportyor korxonalarda mavjud muammo va takliflar eshitildi, ular tomonidan bildirilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha shu yerning o‘zida mas’ullar biriktirildi. So‘zga chiqa olmagan tadbirkorlar uchun so‘rovnomalar tarqatilib, muammolar yozma ravishda yig‘ib olindi.
Har bir tadbirkor tomonidan bildirilgan muammo va takliflar alohida o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi va ijrosi monitoringa olindi.
Bu kabi muloqotlar kelgusida tez-tez o‘tkazib turilishi bo‘yicha kelishib olindi. Eng asosiysi, eksport faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yildi.