O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda avtokinoteatr ish boshladi
2018-03-10 | Madaniyat
Samarqand temir yo‘l vokzalidagi avtomobillar to‘xtash joyida tashkil etilgan avtokinoteatrda “Alisher Navoiy” filmi namoyish etildi.
– “O‘zbekkino” milliy agentligi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi, “Dokatur” sayyohlik firmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha avvalo yurtdoshlarimizning kechki payt shahar aylanish chog‘ida maroqli hordiq chiqarish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan, – deydi loyiha tashabbuskori, “Vendo Group” kompaniyalar guruhi rahbari Xayrullo Mamasoliyev. – Shuningdek, bu Samarqandga kelgan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yana bir servis xizmati bo‘ladi. Chet eldan kelgan turistlar esa milliy va retro filmlarimiz orqali yurtimiz tarixi, xalqimiz madaniyati va san’ati haqidagi tushunchalarini boyitadi. Ular uchun filmlarni rus va ingliz tillariga tarjima qilib namoyish etishni rejalashtirganmiz.
Ilk seansdan o‘rin olgan “Alisher Navoiy” badiiy filmi katta ekranda namoyish etilgan bo‘lsada, uning ovozi belgilangan radioto‘lqin orqali uzatildi. Ya’ni, kinoni avtomashinada o‘tirib tomosha qiladiganlar uning ovozini eshitish uchun 50 metr radiusda mashina radiosini belgilangan to‘lqinga sozladi. Uyali telefonlar egalari esa quloqchinlardan foydalandi.