O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlikda OPENBUCKS kompaniyasi asoschisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2018-03-10 | Texnologiyalar
Bugun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Amerika Qo‘shma Shtatlarining OPENBUCKS kompaniyasi asoschisi hamda prezidenti Mark Rochman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda vazirning birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov ishtirok etdi.
Janob Mark Rochman mamlakatimizga O‘zbekiston IT-sanoatidagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish, dasturiy ta’minot bozorida faoliyat olib borish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish maqsadida tashrif buyurgan.
Mehmonga mamlakatda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga doir yirik loyihalar, dastur ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan imkoniyatlar xususida ma’lumot berildi. Jumladan, Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) Innovatsiyalar markazi faoliyatining o‘ziga xosliklari, markazga a’zo kompaniyalarga berilgan imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlangani kabi, Innovatsiyalar markazining mahalliy va xalqaro dastur ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi hamkorlikni o‘rnatish yuzasidan ishtiroki dasturiy ta’minot sanoatining tezkor rivoji uchun xizmat qilmoqda. Natijada, Openbucks kabi xalqaro miqyosda nufuzga ega kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatilmoqda.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda elektron to‘lov tizimlarini yaratish yuzasidan hamkorlikni o‘rnatish istiqbolini muhokama qildilar.
Bugungi kunda O‘zbekistonda "elektron tijorat"ni rivojlantirish hukumat e’tiboridagi muhim masala. Shu bois, muloqotda yaqin masofada kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish texnologiyasini rivojlantirish, PayPal, Alipay, Visa hamda Mastercard kabi xalqaro to‘lov tizimlarini O‘zbekistonda joriy qilish rejalari o‘rtaga tashlandi. Shu bilan birga, "Kremniy vodiysi bilan muloqot" doirasida istiqboldagi reja va tashabbuslarni amalga oshirish belgilab olindi.
Shuningdek, uchrashuvda blokcheyn texnologiyasidan jamiyat rivoji yo‘lida, xususan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanish bo‘yicha xalqaro tajribaga e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondagi tashrifi davomida Mark Rochmanning Mirzo Ulugbek Innovation Center Innovatsiyalar markazi va unga a’zo kompaniyalarga, Toshkent shahridagi Inha universitetiga, Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga, Turin politexnika universitetiga, Buxoro muhandislik va yuqori texnologiyalar institutiga tashrif buyurishi reja qilinmoqda.
Ma’lumot uchun: Openbucks kompaniyasiga 2010 yilda asos solingan bo‘lib, kompaniya "elektron tijorat" sohasida innovatsion xizmatlar uchun dasturlar ishlab chiqaradi. Shuningdek, Openbucks kompaniyasi internet to‘lovlari uchun ham maxsus tizimlar yaratadi. Bunda foydalanuvchining kredit kartochkasi uning internetdagi sahifasiga ulanadi hamda mahsulotlar uchun to‘lovlarni maxsus kodlar orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.