O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2018-yil qardosh xalqlar hayotida tarixiy yil bo‘ladi

2018-03-10 | Jamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida olis hududlarning bugungi hayoti va istiqboliga mo‘ljallangan yirik loyihalar bilan tanishish, odamlar bilan muloqot qilish maqsadida Tomdi tumanida ham bo‘ldi. 

Ta’kidlash kerakki, ko‘p yillardan buyon Tomdi tomonlarga davlat rahbari bormagan. Bundan 45 yilcha ilgari O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov ushbu hududda bo‘lib, odamlarning ahvoli bilan tanishgan ekan. Oradan shuncha yil o‘tib, Prezident Shavkat Mirziyoyev Tomdiga tashrif buyurgani, odamlar bilan dildan gaplashib, ko‘plab masalalarni hal etib bergani olamshumul voqea bo‘ldi. Shu voqealarga bevosita guvoh va ishtirokchi sifatida ko‘nglimdan o‘tgan hislarimni aytmasam bo‘lmas. 

Davlatimiz rahbarining tashrifini yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan tomdiliklar, konimexliklar, uchquduqlik va zarafshonliklar intiqib kutdi. Prezidentimiz shu to‘rt hudud faollari bilan uchrashdi. G‘oyat samimiy o‘tgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev olis hududlar aholisi hayotida o‘zgarish bo‘lishi kerakligini, shuning uchun odamlardan o‘z muammo va takliflarini ro‘y-rost, ochiq bayon etishni so‘radi. Har bir so‘zga chiquvchini diqqat bilan eshitib, ular aytgan takliflar yuzasidan zarur topshiriqlar berdi. 

Davlat rahbari xalqning ichiga kirib, odamlarning yuragidan o‘tayotgan gaplarni aytayotgani, har bir ishda xalqni rozi qilishni o‘ylayotgani menga ham qanot berdi. U kishi boshchiligida qisqa fursatda amalga oshirilgan ezgu ishlar ko‘z oldimdan o‘tdi. Xalq ta’limi sohasi vakili sifatida 11 yillik ta’lim qayta tashkil etilishi odamlarning ayni dilidagi ish bo‘lganini aytdim. 

Tasavvur qiling: otarda yashaydigan cho‘ponning o‘g‘li 300 kilometr olisdagi kollejda o‘qishi ota-ona uchun uch baravar zarar edi. Birinchidan, farzandi yotib o‘qiydi, ovqati bor, kiyinishi bor, o‘quv quroli kerak. Bitta bola o‘qitsa ham bir oilaning xarajati ketadi. Ikkinchidan, hali 15-16 ga to‘lmagan bola nima bilan mashg‘ul? Usti butmi, qorni to‘qmi, nojo‘ya yo‘lga kirib ketmadimi, ota-onalar shuni o‘ylab ezilardi. Uchinchidan, ertaga kollejni bitirgan yoshlarga ish bormi? 11 yillik ta’limning eng afzal tomonlaridan biri, o‘tish davridagi bola ota-onasi bag‘rida, ko‘z oldida bo‘ladi. Endi ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q, ota-ona nazorati ostida bolalar yaxshi ta’lim-tarbiya oladi. 

Prezidentimizdan 25 kilometr olisdagi Zafarobod shaharchasini Konimex tumaniga qo‘shib berishni iltimos qildik. Boisi, u yerda konimexlik va navbahorliklar mehnat qiladi, ammo shaharcha Buxoro viloyatiga qaraydi. Bundan aholi qiynalib kelardi. Bitta ma’lumotnoma olish yoki kasal bo‘lib qolganda 160 chaqirim yo‘l bosib Buxoroga borishga to‘g‘ri kelardi. 

Davlatimiz rahbari masalani tahlil qilib, fikrimizni ma’qulladi. Bundan tashqari, to‘rtta hududdagi yoshlar ittifoqiga avtobuslar, Tomdi tumanidagi oilaviy poliklinikalarga tog‘li hududda yurishga mo‘ljallangan beshta «tez yordam» mashinasi ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yangiliklardan yana biri, Tomdida yopiq suzish havzasi quriladigan bo‘ldi. 

Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari chorvachilikka ixtisoslashgan. Otarlar 15-20 chaqirim uzoqlikda joylashgan. Suv chiqadigan ayrim quduqlar ko‘milib qolgan. Suv bo‘lmagandan keyin u yerdan odamlar ko‘chib ketadi. Mana shu muammo ham odamlarni qiynab kelar edi. Prezidentimiz gidrogeologik qidiruv ishlari olib borib, yer osti suv zaxiralaridan aholini ichimlik suv bilan ta’minlash kerakligini ta’kidladi. U kishi odamlarning dardini eshitib, ularni yechish yo‘llarini ko‘rsatdi, ba’zi masalalarni shu yerning o‘zida hal qilib berdi. Bundan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi. 

Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida faoliyat boshlagan ilk kunlardanoq tinchlikka, millatlararo totuvlikka alohida e’tibor qaratmoqda. Har bir millatning urf-odatlari hurmat qilinayotgani, qo‘shni mamlakatlar xalqlari bilan bordi-keldi faollashayotgani, chegaralar ochilayotgani, hamkorlik mustahkamlanayotgani oddiy odamlarni cheksiz quvontirayotir. 

Tumanimizda 14 dan ortiq millat vakillaridan iborat 30 mingga yaqin aholi yashaydi. Mavjud 35 maktabdan 3 tasida o‘zbek, 3 tasida qoraqalpoq, 1 tasida rus-o‘zbek, 1 tasida o‘zbek-qozoq, 27 tasida qozoq tilida ta’lim beriladi. Qozoq maktablarini adabiyotlar bilan boyitish masalasi ham ko‘tarildi. Prezidentimiz bu masala ham ijobiy hal qilinishini aytdi. O‘zbek yozuvchi-shoirlarining asarlarini qozoq tiliga, qozoq ijodkorlarining kitoblarini o‘zbek tiliga tarjima qildiramiz, dedi. 

Qozog‘istonda eldoshlarimiz ko‘p, to‘ylariga boramiz, ular biznikiga keladi. Qozog‘istonda O‘zbekiston yili e’lon qilingani yurtimizda boshlangan ishlarga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos tushdi, har ikki xalqni ruhlantirdi. Zero, Markaziy Osiyo xalqlari azaldan ahil-inoq, do‘st-birodar, quda-anda bo‘lib, yaxshi-yomon kunlarda bir-biriga hamdam bo‘lib yashab kelgan. 2018-yil – qardosh xalqlarimiz hayotida tarixiy yil sifatida unutilmas voqealarga boy bo‘ladi. Bunday ezgu ishlar boshida turganlar dunyo turguncha tursin, deyman. 

Kuni kecha hayotimda yana bir quvonchli voqea yuz berdi – Prezidentimiz farmoni bilan «Mehnat shuhrati» ordeniga loyiq ko‘rildim. Poytaxtimizda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda shaxsan Yurtboshimizdan ushbu nufuzli mukofotni qabul qilib oldim. Bu men uchun cheksiz quvonch va sharaf. Oddiy ayolga, o‘qituvchiga shunchalik hurmat, ehtiromni tasavvur qilishning o‘zi qiyin. 

Mamlakatimiz ravnaqi, xalqimizning baxtiyor va farovon hayoti yo‘lida tinimsiz mehnat qilayotgan Prezidentimizning tashabbuslari, amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari qalbimni faxr-iftixorga to‘ldirib, kuchimga kuch, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shmoqda. Nasib etsa, bularning barini she’riy satrlarga jo qilib, Vatanimiz istiqlolining 27 yilligiga tuhfa etmoqchiman. 


Akshagul Tulegenova,
Konimex tumani xalq ta’limi
bo‘limi mutaxassisi,
tuman qozoq milliy madaniy markazi raisi,
«Mehnat shuhrati» ordeni sohibi.

 

Поделиться