O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yangi boshqarma va bo‘limlar tuzildi

2018-03-10 | Jamiyat

Xalqaro press-klubda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, aholining xavfsizligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

2017-yil ichki ishlar organlari tizimida tub o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Birinchi navbatda vazirlik va hududiy ichki ishlar boshqarmalari shtat birliklarini qisqartirish evaziga barcha tuman, shahar ichki ishlar bo‘limlarining tashkiliy tuzilmalari kuchaytirilib, yuzaga kelayotgan tezkor vaziyatga samarali ta’sir o‘tkaza oladigan takomillashtirilgan tizim yaratildi. 

IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Qutbidin Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarga qulayliklar yaratish, ichki ishlar organlarini aholiga yaqinlashtirish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini tizimli tashkil etish maqsadida ichki ishlar bo‘limlaridan olisda joylashgan aholi punktlarida qo‘shimcha 175 ta ichki ishlar bo‘limi hamda 824 ta tayanch punkti tashkil etilgan. Profilaktika inspektorlari soni 1 ming 102 nafarga oshirildi, vazirlik huzurida Tergov departamenti, joylarda esa surishtiruvchilar instituti shakllantirildi. 

2017-yilda mamlakatimizda avvalgi yilga nisbatan jinoyatlar soni 15,7 foiz kamaydi. O‘tgan yil davomida 1 ming 79 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi. 

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bildirilgan asosli va tanqidiy fikrlaridan so‘ng yurtimizdagi mavjud patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlari statsionar postlarining 74 tasi tugatildi. O‘tgan yilda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan 3,7 milliondan ortiq qoidabuzarlik holati aniqlandi. 

Xodimlarni videokamera moslamalari bilan ta’minlash vazifalari bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Ayni paytda bu moslamalarning texnik talablari o‘rganilmoqda. Shuningdek, hujjatlarni moslashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, bu ishlar uchun joriy yilning 20 sentabriga qadar muhlat berilgan. 

Qo‘riqlash bosh boshqarmasi tomonidan 25 ming 331 xalq xo‘jaligi obyekti va 10 mingga yaqin xonadon qo‘riqlanmoqda. Qo‘riqlash xizmati tomonidan savdo nuqtalari, bozorlar, umumiy ovqatlanish tarmoqlari, maktablar, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, madaniyat va istirohat bog‘larida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi natijasida 2 mingga yaqin jinoyatning oldi olindi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilning 14-fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huqubuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori asosida jamoat tartibini saqlash, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning buzg‘unchi tahdidlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yakdil harakatlarini ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yiladi. 

Qarorga muvofiq Toshkent shahrida ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar bo‘limlari tuzilib, ularning bevosita aholi va deputatlar oldidagi hisobdorligi tizimi o‘rnatildi. 

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA

Поделиться