O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
20 kishiga fuqarolik pasporti topshirildi
2018-03-09 | Jamiyat
Termizda Prezidentimizning farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 20 kishiga fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlab, fuqarolarni har tomonlama himoya qilish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ko‘p millatli xalqimizning ahil va inoq turmush kechirishida muhim omil bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.
Bunday yuksak fazilatlar uzoq yillardan buyon mamlakatimizda yashab, yurtimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shayotgan, biroq fuqaroligi bo‘lmagan insonlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilayotganida ham o‘z ifodasini topayotir.
Dilfuza Sherxonova uch yoshigacha Tojikiston Respublikasida yashagan. 25 yildan buyon Termiz shahridagi Temiryo‘lchi mahallasida istiqomat qiladi. Temir yo‘l tarmog‘ida ishlayotgan D.Sherxonova o‘zining samarali mehnati bilan hamkasblari hurmatini qozongan. Mamlakatimizda keng nishonlangan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni Dilfuza uchun bir umr yodda qoladigan qo‘shaloq bayramga aylandi. U O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinib, Konstitutsiyamizda belgilangan barcha huquqlardan foydalanish sharafiga muyassar bo‘ldi.
– Fuqaroligim bo‘lmagani men uchun armon edi. Bugun quvonchim cheksiz, – deydi D.Sherxonova. – Orzu-armonim ushalib, O‘zbekiston Respublikasi pasportiga ega bo‘ldim. Jonajon O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosi bo‘ldim. Bu ishonch meni fidoyilik bilan mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga yanada ko‘proq hissa qo‘shishga undaydi. Turmush o‘rtog‘im bilan bir o‘g‘ilni tarbiyalab, kamolga yetkazmoqdamiz. Uni ham Vatanga munosib, yurtga sodiq farzand etib ulg‘aytirishga va’da beraman.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.