O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Germaniya turoperatorlari hamkorligi yo‘lga qo‘yildi
2018-03-09 | Turizm
6 mart kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Sharaxmetov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Berlinga (Germaniya) tashrifi doirasida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magi bilan nemis sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida B2B formatida biznes uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sh.Sharaxmetov, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi A.Kayumov, Germaniyaning Mustaqil sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbari J.Chex so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston vakillari Germaniyadagi hamkorlarga turizm sohasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatning sayyohlik salohiyati va xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
B2B formatidagi biznes uchrashuvlarda 12 nafar O‘zbekiston sayyohlik operatorlari va Germaniyaning 30 ga yaqin sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvlar yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishdilar.
Shuningdek, jamoatchilikni o‘zbek milliy oshxonasining gastronomik xususiyatlari bilan tanishtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Berlindagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi tomonidan milliy taomlardan tatib ko‘rish tadbiri tashkil qilindi. Bu tadbir xorijiy ishtirokchilarga juda ma’qul keldi.