O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion g‘oyalarni targ‘ib etishning samarali yo‘llari
2018-03-09 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 7-mart kuni Iqtisodiyot vazirligida vazirlik markaziy apparati rahbar-xodimlari va tarkibiy bo‘linmalar xodimlari ishtirokida 2018-yil - faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlangan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Saidahror G‘ulomov qatnashdi va “O‘zbekistonni innovatsion (sifatli) rivojlantirishda investitsiyalarni samaradorligini oshirish yo‘llari” mavzusida ma’ruza taqdimotini o‘tkazdi.
Ma’lumki, bugungi tezkor taraqqiyot sur’ati xalqaro maydonda avvalombor jahon innovatsion taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishi bo‘lgan inson kapitali uchun raqobat tarzida namoyon bo‘lmoqda. Binobarin, sifatli inson kapitali, ya’ni miyaning intellektual kapitali uchun davlatlar o‘rtasida bo‘ladigan raqobatdagi ustuvorlik, bu - o‘sha davlatning xalqaro maydondagi mavqeyini ham belgilaydi.
Shu ma’noda notiq ushbu mavzu yuzasidan chuqur, puxta o‘ylangan o‘z fikrlarini bayon etarkan, u tadbir qatnashchilar e’tiborini quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga qaratdi.
Avvalombor, sog‘lom intellektual rivojlangan ona va sog‘lom, aqlli bolaning innovatsion o‘sishdagi roli. Bunda: modernizatsiya va innovatsiya jarayonida innovatsion ilm-fan, intellektual sog‘lom ta’lim, aqlli tibbiyot (sog‘likni yaxshilash, miya qobiliyatini rivojlantirish), aqlli oila, aqlli mahalla, intellektual fizkultura va aqlli biznesni integratsiyasini sinergetik (tizimli) samaradorligini aniqlash va ularning iqtisodiyotni real sektoriga ta’sirini o‘rganish hisoblanadi.
Ma’lumki, innovatsion iqtisodiyotdagi investitsiyalar samaradorligi ilm-fan va innovatsiyalarga tayanadi. Yangi bilimlarni ishlatib, sifatni yaxshilab, boy bo‘lishga o‘rgatadi. Investitsiyalarni, qobiliyatni rivojlantirishga, laboratoriya uskunalariga, pedagoglar malakasining sifat o‘zgarishiga, kompyuterlashtirishga sarflaydi, chet tillarida o‘qitish, internetdan foydalanishni targ‘ib qiladi. Oxir oqibat insonlarda umumiy madaniyat va ma’naviyatni yuksaltiradi.
Mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotga o‘tishning zaruriyatlari quyidagilardir:
1. Xorijdan olib kelingan yuqori texnologiyalarni joriy etishda, ko‘pincha texnik imkoniyatlarni samarali ishlata olmaslik. (Afsuski, import qilingan kompyuter va uyali telefonlarni dasturiy ta’minotining imkoniyatlarini 20-30% ham ishlata olmaymiz).
2. Xorijdan olib kelingan texnologiyalarni modernizatsiya qilish va ishlatish sohalarini kengaytirib xarajatlarimizni samaradorligini oshirish (masalan, temir materiallarni plastik materiallarga almashtirish sohalari ko‘payib borayapti).
3. Xorijiy patent va litsenziya sotib olib kelib, modernizatsiya qilib, eksport qilish yoki o‘zimizda yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va eksport qilish (avtomashinani har keyingisini ishlab chiqarishga yana shuncha temir, rezina, plastmassa v.b. tabiiy va moddiy resurslarga talab oshib boradi).
4. Innovatsion g‘oyalarni va intellektual mahsulotlarni (AKT dasturiy mahsulotlariga yer, suv va moddiy resurslar kerak emas) o‘zimizda ishlab chiqarib, ularni patentlarini (kopiyalarini) eksport qilishdan topilgan daromadlar hisobidan oziq-ovqatni import qilish (tabiiy, moddiy resurslarimizni va ekologiyani keyingi avlodlarimizga saqlab qolish!).
Bugun faol tadbikorlarimizning, afsuski innovatorlik qobiliyati past.
Notiqning fikricha, keyingi 1000 yillikda YUKSAK MA’NAVIYAT innovatsion bo‘lib, uning asosiy vazifasi: boqimandalik kayfiyatini yo‘qotib, yangi texnologiya va innovatsiyalarga muhabbat uyg‘otib, o‘z oilasidan tashqari boshqalarni ham beg‘araz boqishga (ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, biznesga homiylik) va ma’naviyatini rivojlantirishga yordam bera olish qobiliyatiga ega bo‘lishni taqozo etadi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu misollarni keltirishimiz mumkin: Bugun sayyoramiz aholisining 33%dan ziyodi (2,5mlrd) eng asosiy mikroelement (Ca, J, Mg,..) va vitaminlar yetishmasligidan (yashirincha ocharchilikni - minimal iste’mol korzinkada kamaytirish) intellektual rivojlanishiga doir kamchiliklardan aziyat chekmoqda. (BMTning ma’lumotlari)
Ushbu muammolarning oldini olishda, chunonchi sog‘liqni saqlash borasida ikkita modeli bor:
1. Shifokorlar o‘zlari inson sog‘ligini yaxshilaydi, lekin aholi o‘sishi bilan shifokorlar ham keskin ko‘payishi zarur bo‘ladi.
2. Shifokorlar xalqni tibbiy madaniyatini oshirishadi. Insonlar o‘zlari o‘z sog‘ligini valiologiya orqali yaxshilaydi (naslini yaxshilaydi, nasl kasalliklarga qarshi kurashadi, asab buzilishlarini, yashirincha ocharchiliklarni, sigaret va alkagolni kamaytiradi). Oila daromadlarini umrni uzayishiga, miya qobiliyati va xotirasini yaxshilashga sarflaydi. Energiya va suv balansini saqlaydi.
Natijada sog‘liqni saqlashga xarajatlar keskin qisqaradi, qaytimi, samaradorligi oshadi va o‘rtacha umr har bir oilada uzayadi.
Sog‘lomlashtiradigan aqlli ta’lim borasida ham akademigimiz muhim masalalarga to‘xtalib o‘tdi, chunonchi:
1. Asabini buzmasdan o‘qitish (qand, qon bosimi va yomon xolesterin oshishi miya xotirasini, qobiliyatini pasaytiradi);
2. Oldin bolaning qaysi sohaga qobiliyati va qiziqishini aniqlab, masalan, rassom yo musiqachi yoki matematik yoxud faylasuflikka bo‘lgan qiziqishini aniqlab, so‘ng uni har yili tegishli yo‘nalishda o‘stirish omillarini tahlil qilib, unga mos ta’lim kasbini vrachlar bilan ta’minlash;
3. Ta’limda xotira va mantiqni rivojlantiradigan maxsus markaz va kafedralar ochish va yashirin ocharchilikni kamaytiradigan minimal iste’mol korzinkasini va suv ichish normasini (miyada 90% suv) talabalarga mos tashkil etish.
Akademik Saidahror G‘ulomovning fikricha, ushbu jahon miqyosidagi, ayniqsa O‘zbekiston miqyosidagi ustuvor va dolzarb masalalarni bartaraf etishda eng asosiysi, ma’naviyat va madaniyat, oziq-ovqat, ekologiya, yer va suv, energiya, axborot va sifat xafsizligi sanaladi.
Tadbir so‘nggida vazirlik xodimlari akademik olimimizga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollar berishdi va tegishli javoblarni olishdi. Tadbir qiziqarli, jonli muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.