O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buyuk Britaniyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv
2018-03-09 | Jamiyat
Mamlakatimiz Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi hamda Toshkent islom universiteti vakillaridan iborat respublikamiz delegatsiyasining Londonga tashrifi doirasida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan ushbu davlatda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Britaniyadagi bank-moliya, yuridik va xizmat ko‘rsatish sohalariga ixtisoslashgan yirik kompaniya hamda tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 40 nafarga yaqin vatandoshlarimiz, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.
Unda O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Shayxov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimizning ochiq va do‘stona tashqi siyosati, xalqimiz hayotini yanada yaxshilash, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, odamlar bilan yaqin muloqot qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minovarov vatandoshlarimizga yurtimizda diniy sohadagi yangiliklar, xususan, diniy ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan tizimli islohotlar, jumladan, yangi tashkil etilgan Imom Termiziy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasining maqsad va vazifalari haqida so‘zlab berdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov o‘z nutqida islom ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband singari ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini tadqiq etish, tabarruk qadamjolarini obod qilish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimizni buyuk ajdodlarimizdan qolgan boy ma’naviy meros asosida tarbiyalash borasidagi keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtaldi.
Tadbirda o‘zbekistonlik yoshlarimiz diplomatik vakolatxona vakillari va delegatsiya a’zolariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Jumladan, Londondagi vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan “Bilim markazi” va uning qoshidagi o‘zbek maktabi uchun o‘quv darsliklar hamda qo‘llanmalarni yetkazib berish, Britaniyadagi o‘zbeklar uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari va iqtidorli imom-xatiblarning ma’ruza hamda darslarini onlayn tashkil etish taklifini bildirdilar.