O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hokim iqtidorli qizlar bilan uchrashdi
2018-03-09 | Jamiyat
Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov iqtidorli qizlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol ulg‘ayishi, o‘z iqtidor va salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi ko‘plab yosh iste’dod va iqtidor sohibalarini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida Andijon viloyati hokimi ana shu tanlovning viloyat, respublika saralash bosqichlarida faol ishtirok etgan hamda umumta’lim maktablari, kollejlar, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli qizlar bilan uchrashdi.
– Iqtidorli qizlarga ko‘rsatilgan e’tibordan behad mamnunmiz, – deydi Andijon tibbiyot kolleji o‘quvchisi Dilnoza Muxtorjonova. – Uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar biz yoshlarni yanada faol bo‘lishga, faqat a’lo baholarga o‘qishga undaydi. Yurtboshimiz tomonidan biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarga munosib bo‘lish uchun astoydil harakat qilamiz.
Darhaqiqat, ayni paytda viloyatdagi ta’lim muassasalari, mahallalarda “Zulfiyaxonim izdoshlari”, “Iqtidorli qizlar”, “Qizlarjon” klublari tashkil etilgan. Mazkur klublarning faol, tashabbuskor yetakchilari tomonidan e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Buning samarasida yosh iqtidor sohibalari safi, ular tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar yildan-yilga ortib bormoqda.
Viloyat hokimi iqtidorli qizlarga esdalik sovg‘alari topshirdi.