O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga jo‘nab ketdi
2018-03-09 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Imomali Rahmonning taklifiga binoan 9-mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikistonga jo‘nab ketdi.
Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi muzokarada ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning o‘zaro tashriflarini osonlashtirish masalalari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.
Muzokara yakunlari bo‘yicha Prezidentlarning Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risida shartnoma, Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan jami 25 dan ortiq hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tashrif doirasida o‘tkaziladigan biznes-forum va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasida tijoriy shartnomalar va iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi kooperatsiyaga oid bitimlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida konsert tashkil etilishi ham mo‘ljallangan.