O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hukumatlar delegatsiyalari ishchi guruhlarining Dushanbedagi uchrashuvi
2018-03-08 | Siyosat
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Tojikiston uchrashuvi arafasida 2018-yil 6-8-mart kunlari Dushanbe shahrida Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston Hukumatlari delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi qo‘shma majlisining 2018-yil 24-fevralda Farg‘ona shahrida imzolangan Bayonnomasi ijrosi doirasida O‘zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasining ayrim uchrastkalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi Shartnoma loyihasiga kerakli ilova tayyorlandi va rasmiylashtirildi. Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga bo‘lajak davlat tashrifi chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar konstruktiv muhitda, do‘stlik va o‘zaro tushunish ruhida o‘tdi.
Uchrashuv yakunida Bayonnoma imzolandi.