O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes-forumi
2018-03-08 | Iqtisodiyot
Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi faxriy konsuli, “Evergreen Motor Group” raisi Kim Chang Kyon boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida 7 mart kuni O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi o‘tkazildi.
Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ittifoqi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, investitsiya, savdo-sanoat, turizm, qurilish, logistika, mashinasozlik, AKT, energetika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, kimyo va yengil sanoati, sog‘liqni saqlash, to‘qimachilik kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalarining 300 dan ziyod vakili ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning noyabr oyida Janubiy Koreyaga davlat tashrifi, shuningdek, turli doiradagi o‘zaro uchrashuvlarning faollashgani ikki tomonlama aloqalar rivojida yangi sahifa ochdi.
Biznes-forumda Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U va boshqalar ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar natijasida O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 460 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonda Koreyaning 75 kompaniyasi o‘z vakolatxonasiga ega. Ushbu mamlakatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etgan investitsiyalari hajmi 7 milliard AQSh dollaridan oshadi. Janubiy Koreyaning Markkaziy Osiyo davlatlari bilan mahsulot aylanmasi hajmining aksariyat qismi mamlakatimiz ulushiga to‘g‘ri kelishini alohida ta’kidlash joiz.
Forumda mehmonlarga mamlakatimizda investorlar uchun yaratilayotgan sharoit, xususan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi imkoniyatlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida ma’lumot berildi.
– O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyodagi muhim savdo sherigidir, – dedi “Evergreen Motor Group” raisi Kim Chang Kyon. – Bu savdo-sanoat, sayyohlik, qurilish materiallari, elektrotexnika va boshqa ko‘plab sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanib, yanada mustahkamlanayotganida ham namoyon bo‘lmoqda. Forum doirasida Hyundai kompaniyasining yengil avtomobillari uchun ehtiyot qismlar yig‘ish va tabiiy resurslarni qayta ishlash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildik.
Anjuman doirasida B2B shaklidagi muloqotlar ham tashkil etildi.