O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O’zbekiston sayyohlik salohiyati Berlinda namoyish etilmoqda
2018-03-07 | Turizm
Bugun Germaniya poytaxti Berlin shahrida “ITB Berlin – 2018” xalqaro turizm ko’rgazmasi o’z ishini boshladi. Ushbu ko’rgazma eng yirik xalqaro sayyohlik anjumanlaridan biri bo’lib, joriy yil unda 185 mamlakatdan o’n mingdan ziyod firma va kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbir sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo’nalishlarini o’zida mujassam etgan bo’lib, unda sayohat, faol turizm, sport turizmi va sport mahsulotlari, sayyohlik va axborot texnologiyalari, yoshlar turizmi, ekoturizm, madaniy sayyohlik, sayyohlik biznesi, kruiz kabi yo’nalishlarga oid o’nlab bo’limlar mavjud.
Mazkur nufuzli forumda mamlakatimiz sayyohlik salohiyati yagona “O’zbekiston” milliy stendida taqdim etilmoqda. “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi o’z xizmatlarini jumladan, faoliyati haqidagi axborot materiallari, aviaparki, qatnovlar jadvali va havo kemasi sahnidagi xizmatlarini namoyish qilmoqda.
Anjumanda “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi hamda ikki davlat sayyohlik sohasi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida so’z yuritildi. Mamlakatimizning tabiiy, tarixiy va madaniy merosi, diqqatga sazovor joylari, sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbir davomida B2B shaklidagi uchrashuvlar ham o’tkazildi. Mazkur uchrashuvlar mamlakatimizdagi sayyohlik xizmatlarini xalqaro turizm bozorlariga taklif etish, ushbu soha vakillarining chet ellik hamkasblari bilan hamkorligini kengaytirish imkonini berdi.
Eslatib o’tamiz, “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi Berlinda bo’lib o’tayotgan «ITB Berlin-2018» yarmarkasida 11-martga qadar o’z xizmatlarini taqdim etadi.