O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
FVV 22 yoshda
2018-03-06 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining madaniyat saroyida 4 mart — Favqulodda vaziyatlar vazirligining tashkil topganiga 22 yil to‘lishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Shtab boshlig‘i polkovnik K.Aripov, vazirlik xodimlari va faxriylari, FVV huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, “Davsuvxo‘jaliknazorat” inpeksiyasi hamda Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xodimlari, qutkaruvchilik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan kollej o‘quvchilari, shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olayotgan talaba yoshlar ishtirok etishdi.
Tantananing rasmiy qismida polkovnik K.Aripov so‘zga chiqib, vazirlik tarixi va o‘tgan davrlarda olib borgan faoliyati xususida so‘z yuritdi. O‘tgan vaqt mobaynida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan Prezident va Hukumat hujjatlari, vazirlik qarorlari, ularni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. “Maqsad bitta. U ham bo‘lsa, mamlakatimiz aholisi va hududlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, va bu sohada malakali mutaxassislarni tayyorlashdir. Ushbu vazifalar zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi va o‘z navbatida, islohot hamda yangilanishlar jarayonida yanada faol bo‘lishni talab etadi” — dedi K.Aripov. U shu jumladan, vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan bir qator xodimlarning yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlarini ta’kidlab o‘tdi. Ularning orasida “Do‘stlik” ordenini olgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi Qashqadaryo viloyati gidrometeorologiya boshqarmasi boshlig‘i Doroshenko Svetlana Mixaylovna ham bor.
Shundan so‘ng vazirlikning 22 yilligi munosabati bilan vazirlik harbiy xizmatchilarini va xizmatchilarini rag‘batlantirish bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vazirining buyrug‘iga binoan bir guruh xodimlar ko‘krak nishonlari, Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar, bir qator harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi
Tantanali tadbirning badiiy qismida harbiy xonandalar va xalqimizning suyukli san’atkorlari marosim ishtirokchilari e’tiboriga dilrabo kuy qo‘shiqlar va jozibador raqslar havola etdilar.