O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sirdaryoda maqom dastasiga asos solindi
2018-03-06 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil oktyabrdagi “Milliy maqom san’atini rivojlantirish va yoshlarni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, ularning estetik didi va tafakkurini shakllantirishda makom san’atining keng imkoniyatlaridan foydalanish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinganidan keyin bu sohada ibratli va xayrli ishlarga qo‘l urilayotganidan ko‘nglimiz to‘ldi. Milliy mumtoz san’atimiz gultoji sanalgan maqomni yanada rivojlantirishga keng imkoniyatlar berilib, san’atning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha ijod etayotgan yoshlarning uning sirlarini puxta egallashlariga shart-sharoit yaratilayotganligi, ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz
Guliston shahridagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida viloyat madaniyat boshqarmasi qoshida tashkil etilajak maqomchilar ansambli uchun viloyatimizning turli hududlarida maqom yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan ijrochilarni saralash, tanlash tadbiri o‘tkazildi. Dastlabki saralash bosqichida 20 nafardan ziyod xonanda ishtirok etdi.
Poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh ustoz san’atkorlar – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Toshkent madaniyat va san’at kolleji mutaxassisi Rahimjon Hasanov hamda respublika maqomchilar ansambli hofizi Najmiddin O‘rinovlar ishtirokchilarning chiqishlarini kuzatib, baholashdi.
Sirdaryolik sohir ovoz sohiblari, taniqli hofizlar Abdulla G‘aniyev va Erkin Rahmonovlar tanlovni boshlab berishdi.
Shu kuni 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilaridan tashkil topgan yosh maqomchilar guruhining chiqishlarini kuzatar ekanmiz, qalbimizda farzandlarimiz iste’dodidan, iqtidoridan g‘ururlanish tuyg‘usi paydo bo‘ldi.
Maqomchilar ansamblida yangi konsert dasturini tayyorlash ishlari boshlab yuborildi. Nasib qilsa, yangi jamoa Navro'z bayramida o‘z dasturi bilan sahnaga chiqmoqchi.
Xolida PARDABOYEVA