O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbekiston kapital bozorida eng yaxshi” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
2018-03-05 | Jamiyat
Ushbu tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.04.2015 yildagi PF-4720-sonli “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturining 13-bandiga asosan 2016-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tanlovni o‘tkazishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Kapital bozorda va korporativ boshqaruv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida aholi moliyaviy savodxonlikni oshirish;
aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv va biznes etikasi samaradorligini oshirish;
mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini va madaniyatini uzluksiz ravishda oshirishga, kapital bozoriga yangi investorlarni jalb etish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga intilayotgan qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash;
fond bozorida sog‘lom raqobatni shakllantirishga va qo‘llab- quvvatlashga qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilarini chorlash.
Tadbir davomida tanlov g‘oliblarni aniqlash, munosib nomzodlarni tanlash va g‘olib deb e’tirof etish tartibi adolatliligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida Qimmatli qog‘ozlar markazi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Savdo sanoat palatasi, Davlat aktivlarini boshqarish markazi, Markaziy depozitariy, “Toshkent” RFB va Fond bozorining axborot-resurs markazi vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzilganligi aytib o‘tildi.
To‘liq va har tomonlama o‘rganishdan so‘ng, bozor qatnashchilarining fikrlari va nomzodlarni belgilangan mezonlar bo‘yicha taqqoslash natijalariga hamda maxsus komissiyaning qaroriga asosan quyidagilar “O‘zbekiston kapital bozorida eng yaxshi” yillik tanlovining 2017-yil yakuni bo‘yicha g‘oliblari deb e’tirof etildilar:
“Kafolat sug‘urta Kompaniyasi” Aksiyadorlik jamiyati - “Eng yaxshi korporativ boshqaruv” nominatsiyasida;
“Portfolio Investments” MCHJ - “Eng yaxshi investitsiya vositachisi” nominatsiyasida;
“Tsiar Depo” MCHJ - “Eng yaxshi investitsiya maslahatchisi” nominatsiyasida.
Anjuman yakunida g‘oliblarga esdalik sovg‘alarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.