O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ishga tayyor turing, ish izlaganlar!
2018-03-05 | Jamiyat
Haftaning har yakshanbasi viloyatimizda tadbirkorlar va ishbilarmonlar kuni sifatida o‘tkazilmoqda.
Bu galgi uchrashuv nodavlat maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini tashkil etish, ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish maqsadida bo‘lgan tadbirkorlar, xorijiy investorlar ishtirokida Andijon shahridagi sobiq “Andijonmash” zavodi hududida tashkil etildi.
Ushbu sanoat hududida “Rohat savdo servis“ mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining “Beijing AOFULUN international trade GO” LTD korxonasi bilan hamkorlikda yillik quvvati 40 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan sex barpo etilmoqda. Loyihaga ko‘ra 120 ta ish o‘rni yaratiladi.
Andijon tumanida “Andijon silk.go” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Xitoyning “Tonghiang juncheng” kompaniyasi hamkorligida bunyod etilayotgan pilla va ipak tolasini qayta ishlash korxonasi 21 mart – Navro‘z umumxalq bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 3.250 million dollari tadbirkorning o‘z mablag‘lari, 1.750 million dollari esa xorijiy investor tomonidan moliyalashtiriladi. Korxonada 2018 yilda 144 tonna, 2019 yilda 288 tonna ipak tolasi qayta ishlab chiqarilishi mumkinko‘zda tutilgan. Natijada dastlab 300 ta fuqaroning bandligi ta’minlansa, 2021 yilga qadar ushbu raqam 1000 taga yetadi.
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov dastlab maktabgacha ta’lim va tibbiyot sohasi vakillari bilan suhbatlashdi. Ularni qiynayotgan muammolarni tinglab, tegishli boshqarma va idoralarga topshiriqlar berdi. So‘ngra tadbirkor va investorlarning taklifiy loyihalari bilan tanishdi.
Uchrashuvda taqdim etilgan 100 dan ortiq loyihalar amalga oshsa, yil oxiriga qadar o‘n mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.