O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda bayram oldi hashar uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda
2018-03-05 | Jamiyat
Тoshkent shahar hokimining Farmoyishiga ko'ra, joriy yilning fevralь-mart oylarida obodonlashtirish, tozalik oyligi hamda 24-25 fevralь va 3-4, 10-11-mart kunlari “Ozodalik kuni” deb e'lon qilingan. Shu munosabat bilan obodonlashtirish, tozalik oyligi hamda “Ozodalik kuni”ni o'tkazish bo'yicha Toshkent shahar va tuman ishchi guruhlari tuzilgan bo'lib, 2018 yil Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish arafasida poytaxtimizda obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Bugun, erta tongdan poytaxtimiz mahallalarida “Hasharga!” deya otlanayotgan kishilarni ko'rib ko'z quvnaydi. Ular asosan mahallalar, aholi yashash joylari, ko'p qavatli uylar va ularning atrofi, guzarlar, hiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariq-zovurlar, ko'cha va yo'laklar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltirildi. Eng muhimi qalbiga ezgu tashabbusni jo qilgan yurtdoshlarimiz o'zlari istiqomat qilayotgan xonadonlar atrofini toza, ozoda saqlashga doimo mas'ul ekanliklarini unutmaydilar. Buni ezgu rishtalarimiz bog'langan mehr-muruvvat, sahovatpeshalik kabi chin insoniy fazilatlarimiz nomoyon bo'lgan bugungidek hashar tadbirlarida ko'rishimiz mumkin. Fikrimiz isbotini amaliy ishlarda izohlaymiz. Masalan poytaxtimizning Mirobod tumanidagi kichik halqa yo'li atrofi tuman obodonlashtirish boshqarmasi, mahalla faollari ko'magida tartibga keltirildi. Manzarali ko'chatlar o'tqazilib, anvoyi gullar ekildi. Ayniqsa yo'l chetidagi rayhon ifori kungillarga iliqlik bag'ishlaydi.
Ana shunday manzaraga guvoh bo'lgan hamyurtimiz Ra'no Qarshiboeva o'zining dil so'zlarini cheksiz fahr bilan bizga aytib berdi. Bu kabi ibratli ishlar nafaqat Mirobod, Mirzo Ulug'bek tumanida ham davom etmoqda. “Bahor” mahallasiga kirib borar ekansiz, katta-yu kichik bir bo'lib yo'l chetidagi darahtlar oqlayotganiga, erni yumshatib, turli ko'chatlar ekayotganiga guvoh bo'lasiz. Tumandagi “Yalang'och” mahallasi ham bundan mustasno emas. Shu nom bilan ataluvchi qabristonda ham o'tganlar ruhi yod etilib, hudud atrofi turli chiqindilardan tozalandi.
Shu kabi ezgu tadbirlarga guvoh bo'lar ekanmiz, qalbimizda beixtiyor g'urur va iftihor tuyg'ulari jo'sh uradi. Hasharchilarga “Hormang!” deya ularga kuch quvvat tiladik. Zero, o'zi tug'ilib o'sgan tuprog'ining har qarich erini muqaddas deb bilgan inson ona yurtining tozaligiga, ozodaligiga ham befarq bo'lmaydi.