O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yuk tashish faoliyati uchun ham litsenziya olinadi, ham soliq to‘lanadi

2018-03-03 | Jamiyat

Yaqinda Labo rusumli yuk tashishga mo‘ljallangan avtomashinasini sotib oldim. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritsam litsenziya uchun to‘lovni amalga oshirib ishlashim kerakmi yoki ro‘yxatdan o‘tib, belgilangan tartibda soliq to‘lasam kifoyami? Shu haqda tushuntirish bersangiz.

Avvalambor soliq tushunchasiga izoh bersak, soliqlar deganda muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg‘araz xususiyatga ega bo‘lgan, byudjetga yo‘naltiriladigan majburiy pul to‘lovlari tushuniladi.

Litsenziya esa ayrim faoliyat turlarini amalga oshirish uchun ruxsat beruvchi hujjat hisoblanadi. Ya’ni, litsenziya uchun to‘lagan to‘lovlaringiz soliq hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi 222-II-sonli qarori bilan tasdiqlangan Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining Ro‘yxatiga asosan avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turlariga kiritilgan.

Ushbu faoliyatni litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 14 iyuldagi 138-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida"gi Nizom asosida amalga oshiriladi.

Soliq solish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida"gi PQ-3454-sonli qarori 11-ilovasi bilan 2018 yil uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra avtomobil transportida yuk tashish xizmatini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga har oy uchun:

- 3 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun eng kam ish haqining 1,5 baravari miqdorida;

- 8 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida;

- 12 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida;

- 12 tonnadan ortiq yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun eng kam ish haqining 3,5 baravari miqdorida qat’iy soliq stavkalari belgilangan.

Shundan kelib chiqib, agar siz yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda, Labo rusumli avtomashinada (yuk ko‘tarish quvvati 550 kg) tegishli litsenziya asosida yuk tashish faoliyatini amalga oshirsangiz, u holda 2018 yilda har oy uchun eng kam ish haqining 1,5 baravari yoki 258 360 so‘m miqdorida qat’iy belgilangan soliq to‘lashingiz lozim bo‘ladi.

Qat’iy belgilangan soliq stavkalari yil boshiga – 2018 yilning 1 yanvar holatiga belgilangan eng kam oylik ish haqidan (172 240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi va eng kam ish haqi miqdori yil davomida o‘zgarganda qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Shuningdek, Soliq kodeksining 311-moddasiga asosan, eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda sug‘urta badali to‘lashingiz lozim.

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 31 iyuldagi 219-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Xususiy tadbirkorlar tomonidan xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomga muvofiq, yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar bir nafar xodimni yollashi mumkin.

Yakka tartibdagi tadbirkorga o‘z majburiyatlari bo‘yicha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bilan bir qatorda har bir xodim uchun quyidagilarni:

- sug‘urta badalini – har oyda eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida;

- qat’iy belgilangan soliqni – yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat bo‘yicha nazarda tutilgan belgilangan stavkaning 30 foizi miqdorida, I va II guruh nogironlari bo‘lgan xodimlar bo‘yicha esa, eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida to‘lash majburiyati yuklatilgan.

Ma’lumot uchun : O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 165-moddasiga asosan litsenziya olinishi yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan litsenziyasiz yoki bosh qa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug‘ullanish – fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa – fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Поделиться