O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jizzaxda ham chegara ochildi
2018-03-03 | Jamiyat
Jizzax viloyatining Yangiobod tumani va Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyati o‘rtasidagi “Qo‘shqand” va “Uchto‘rg‘on” chegara nazorat o‘tkazuv punktlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalarining davlat bayroqlari bilan bezatilgan o‘tkazuv punktidagi tantanali tadbirda har ikkala tomondan viloyat hokimliklari, urush va mehnat faxriylari, jamoatchilik vakillari, chegara hududidagi mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi vakillari ishtirok etdi.
Karnay-surnay sadolari ostida “Qo‘shqand” chegara nazorat o‘tkazuv punktidagi to‘siq ochilib, qo‘shni Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekiston hududiga kirib keldi. Mehmonlar o‘zbekona mehmonnavozlik, non-tuz bilan kutib olindi.
Tadbirda O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining sa’y-harakati bilan tarixi, kechmishi, taqdiri bir bo‘lgan ikki xalq o‘rtasidagi sun’iy to‘siqlarning olib tashlanishi Hazrat Mir Alisher Navoiy va mavlono Abdurahmon Jomiy asarlarida tarannum etilgan buyuk do‘stlik abadiy ekanligining amaliy isboti bo‘lganligi ta’kidlandi. Bu do‘stlik ikkala mamlakatning ham har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilishi e’tirof etildi.
– O‘zbek va tojik xalqlari bir-biri bilan azaldan qondosh, qadrdon, quda-anda bo‘lib kelgan, – deydi Yangiobod tumanidagi “Balandchaqir” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Olimjon Begmatov. –Bizlar ikki tilda gaplashuvchi bir xalqmiz. Bizning to‘yimiz, ma’rakamiz bir-birimizsiz o‘tmagan. O‘tkazish maskanlarining ochilishi bu azaliy yaqinligimiz, bordi-keldimiz yana bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.
Mehmon va mezbonlar to‘kin dasturxon atrofida dildan suhbatlashishdi. Sahnada o‘zbek va tojik kuy-qo‘shiqlari, jozibali raqslar ijro etildi.
O‘zbekistonliklar ham Sug‘d viloyatining Istaravshon shahridagi chegara nazorat o‘tkazuv punktida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Bu yerda ham tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbek va tojik san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Ikki xalq vakillari birgalikda raqsga tushib, bir piyola choy ustida diydorlashdi.
Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA