O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Axsikent ochiq osmon ostidagi muzey bo‘ladi

2018-03-02 | Jamiyat

Namangan viloyati hokimligi muassisligida davlat unitar korxonasi shaklidagi "Axsikent" arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi ish boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-oktabrdagi “Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan direksiyaning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi. 

"Axsikent" arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik majmuasini lozim darajada muhofaza qilish, but saqlanishini ta’minlash va belgilangan tartibda ruxsatnoma olgan arxeologlar tomonidan arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini tashkil etish, chuqur ilmiy arxeologiya tadqiqot natijalari asosida majmuaning ilmiy-tarixiy konsepsiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish mazkur direksiyaning asosiy vazifasi hisoblanadi. 

Qadimiy Axsikent shahriga oid respublikamiz va xorijda saqlanayotgan manbalarni malakali mutaxassis va ekspertlar, olimlarni jalb etgan holda atroflicha tadqiq etish, xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etish, tarixiy-ilmiy asoslar bo‘yicha qadimiy Axsikent shahrining maketlarini tayyorlash, arxeologiya ashyolari, qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar. osori-atiqalar, zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, kitob va to‘plamlar, video va foto hujjatlar kabi boshqa manbalar hisobidan muzeylashtirilgan ekspozitsiya-ko‘rgazma yaratish, yuqori texnologiyalarga asoslangan axborot-resurs markazi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, turistlar, ilmiy tadqiqotchilar va tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish, tarixiy ko‘rinishni saqlagan holda majmuaning muhofaza hududidan tashqarisida zamonaviy kompleks dam olish maskanlarini tashkil etish va majmuaning turistik salohiyatini oshirish yuzasidan boshqa zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish ham direksiya faoliyatining muhim mezonlaridir. 

Axsikent yodgorligi – qadimiy shahar xarobasi. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shahand qishlog‘i hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Axsikat shahri miloddan avvalgi 3-2-asrlarda vujudga kelgan, 9-10-asrlarda Farg‘ona vodiysining poytaxti bo‘lgan. 1219 yilda mo‘g‘ullar tomonidan butunlay vayron qilingan. Uning eski o‘rnidan 5-7 kilometr g‘arbda bunyod etilgan yangi Axsikat esa 14-17 asrlarga mansubdir. 

Axsikatni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari 19-asr oxirlari 20-asr boshlaridan boshlangan. Axsikent xarobalaridan g‘arbroqda o‘rta asrlarga oid yana bir shahar xarobalari borligi aniqlangan. Akademik Ya.G‘ulomov va arxeolog I.Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo‘lganligini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan Axsikent ekanligini birinchi bo‘lib isbotladi. 

Mamlakatimizda milliy madaniy yodgorliklar, tarixiy obidalar va osori-atiqalarni asrab-avaylab kelgusi avlodlarga yetkazish, yoshlar tarbiyasida ularning ahamiyati va mazmun-mohiyatidan samarali foydalanish borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar doirasida uzoq yillar mobaynida e’tibordan chetda qolgan Axsikent arxeologik yodgorligini ham yuzaga chiqarishga kirishildi. 

Tadbirda Axsikent yodgorlik majmuasining ilmiy konsepsiyasi, direksiyaning ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. 

– Axsikent zamini ostida tariximizning hali ochilmagan ko‘plab sirlari pinhon yotibdi, – deydi “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi rahbari, tarix fanlari nomzodi, dotsent T.Qozoqov. – Prezidentimizning alohida e’tibori tufayli mazkur tarixiy maskan bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, arxeologik izlanishlar davom ettiriladigan bo‘ldi. Shu bilan birga, bu yerda Zahiriddin Muhammad Boburning haykali o‘rnatilib, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan me’moriy ansambl tashkil etish, Axsikentni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirib, xalqaro sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish ko‘zda tutilgan. 

Tadbir ishtirokchilari ko‘hna Axsikent yodgorligi bo‘ylab sayohat qildi. 
Anjumanda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.

 

Akramjon Sattorov, O‘zA

Поделиться