O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zaro yaxshi qo‘shnichilik va farovonlik asosi
2018-03-02 | Siyosat
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Imomali Rahmon sa’y-harakatlari va qo‘llab-quvvatlashlari tufayli ikki davlat hamda ikki xalq o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda.
Ko‘pgina sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy jabhada ham o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlik ravnaq topmoqda. Masalan, 2017-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar almashuvi hajmlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,2 foizga o‘sgani holda 236,8 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ishonchli muloqot, shuningdek, 2017-yili Toshkent va Dushanbeda o‘tkazilgan sanoat korxonalari mahsulotlarining milliy ko‘rgazmasi hamda ishbilarmon doiralar biznes anjumanlari bu yo‘nalishdagi samarali munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Mazkur tadbirlar ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish va ularni mustahkamlash nuqtai nazaridan ajoyib minbar bo‘ldi. Navbatdagi “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi joriy yil 7–9-mart kunlari Tojikiston poytaxtida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuni ham qayd etish joizki, keyingi yil davomida ikki mamlakat biznes doiralari vakillarining davlatlarimiz bozorlariga bo‘lgan qiziqishlari sezilarli darajada oshdi. O‘zbekiston va Tojikistonda har ikki tomon kompaniyalari savdo uylarining ochilgani bu fikrni tasdiqlaydi. Ularning peshtaxtalarida elektrotexnika va kiyim-kechaklardan tortib to qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarigacha mavjud.
Biroq o‘zaro savdo hajmlarini yanada oshirish uchun ikki respublika oldida muhim masalalar turibdi. Bu turli cheklovlarni bartaraf qilish, tovarlar joylashuvidagi tariflarni kamaytirish, transport infratuzilmasini qayta tiklash, nazorat-o‘tish punktlarini ochish bilan bog‘liq masalalardir. Ikki tomonlama munosabatlarda muhim bo‘lgan ana shunday va boshqa masalalar joriy yil 10 yanvar kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston hukumatlararo qo‘shma komissiyasining so‘nggi yig‘ilishida muhokama etildi.
Shu bilan birga, hamkorlikni chuqurlashtirish va tadbirkorlar uchun dolzarb yo‘nalishlarni aniqlash maqsadida O‘zbekiston ikki tomonlama ishbilarmonlik kengashini tuzish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu kengashning birinchi yig‘ilishi joriy yil mart oyida, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga buyurajak davlat tashrifi chog‘ida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, mamlakatlarimiz tomonidan ko‘rilayotgan bunday chora-tadbirlar va tashlanayotgan muhim qadamlar, shubhasiz, eng asosiy maqsadlarga – o‘zaro farovonlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash yo‘lida davlatlarimiz o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.