O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSH Davlat departamenti: “O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha “tarixiy rol” o‘ynamoqda”
2018-03-02 | Siyosat
AQSH Davlat departamenti Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik” nomli xalqaro konferensiyaga “O‘zbekistonning xalqaro arenaga qaytishi” deya baho berdi.
AQSH O‘zbekiston Afg‘onistondagi barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha “tarixiy rol” o‘ynamoqda deb hisoblaydi. Bu haqida “RIA Novosti” axborot manbasi ushbu mamlakat Davlat departamenti vakili Xezer Nauert bayonotiga tayanib xabar berdi.
Mazkur bayonot shu yil 26-27-mart kuni Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya munosabati bilan berildi.
“O‘zbekiston Afg‘onistondagi barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha tarixiy rol o‘ynamoqda va mazkur konferensiya uni xalqaro arenaga qaytishini bildiradi deb hisoblash mumkin”, — dedi Nauert xonim.
Uning aytishicha, Afg‘oniston hukumati va AQSH vakillari ushbu konferensiyada ishtirok etadi.
“Uchrashuvdan maqsad afg‘on hukumatining tinchlikka erishish bo‘yicha faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun qator xalqaro sheriklarni bir-biriga yaqinlashtirishga intilishdir”, — deya qo‘shimcha qilgan u.