O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ekologik masalalar muhokamasi
2015-05-02 | Jamiyat
Namanganda Prezidentimizning shu yil 10-aprelda bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo'shma majlisidagi ma'ruzasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar hamda "O'zbekistonga xos bo'lgan turli tabiiy, tarixiy, milliy, demografik va ekologik xususiyatlarni to'la hisobga olgan "o'zbek modeli" va demokratik islohotlarni chuqurlashtirish" mavzusiga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekoharakat deputatlar guruhi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo'mitasi, Namangan viloyati hokimligi, O'zbekiston Ekologik harakati viloyat hududiy bo'limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti mutaxassislari, Ekoharakat va "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faollari, olimlar, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda ekologik qonunchilikni rivojlantirish va takomillashtirish faoliyatining asosiy yo'nalishlari, dolzarb ekologik muammolar va ularni bartaraf etish yo'llari xususida so'z yuritildi. Prezidentimiz rahnamoligida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.
– Istiqlol yillarida mamlakatning barqaror taraqqiyotini belgilovchi asosiy omillardan biri – ekologik xavfsizlikni ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan etib belgilandi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xayrullo G'afforov. – Tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan o'ttizga yaqin qonunlar, uch yuzga yaqin qonunosti hujjatlari qabul qilindi.
Tadbirda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan ma'ruzalar tinglandi.