O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda turizm rivoji uchun muhim qadamlar qo‘yilmoqda

2018-03-01 | Jamiyat

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari, bu borada Prezidentimizning farmon va qarorlari ijrosiga bag‘ishlandi.

“O‘zbekistonga xush kelibsiz: turizm – mamlakatning yangi brendi” mavzuida o‘tgan tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi U.Husanov, vazirlik va idoralar, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklarining turizm masalalari bo‘yicha mas’ullari, Isroil, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya va Turkiyaning mamlakatimizdagi elchilari, jurnalistlar ishtirok etdi. 

Soha mutaxassislari ta’kidlaganidek, o‘tgan 1 yil mobaynida mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida salmoqli yutuqlarga erishildi. Biroq O‘zbekiston bu sohada juda katta salohiyatga ega bo‘lishiga qaramasdan, hali mavjud imkoniyatlardan to‘liq va unumli foydalana olmayapti. Tahlillar sohaning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi qoniqarli emasligini ko‘rsatmoqda. 

Press-klubda bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalindi, mavjud kamchiliklar yechimi muhokama etildi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan turizmni rivojlantirishga mamlakatimizdagi xorijiy mamlakatlar elchilari ham jalb qilingan. Ular viloyatlarga borib, yurtimizning go‘zal tabiati, tarixiy shaharlar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar bilan tanishishga kirishgan. Pirovardida yurtimiz turistik salohiyati haqida aniq tasavvurga ega bo‘lib, katta qiziqish bilan qaramoqda. 

Tadbirda turizmni rivojlantirishga xizmat qiladigan amaliy chora-tadbirlar, yechimini kutayotgan masalalar haqida gap bordi. 

Mamlakatimizga kelayotgan turistlar uchun viza berish tartibi soddalashtirildi. Joriy yil 1-iyuldan elektron viza berish tartibi joriy etiladi. Turistlarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimi elektron shaklga o‘tmoqda, xavfsizligini ta’minlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi etib belgilandi. Bu jihatlar qisqa vaqtda o‘z samarasini berdi. 2017-yilda mamlakatimizga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurdi. 30 kungacha vizasiz rejim joriy qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib bo‘lindi. 

Anjumanda ishtirok etgan xorij mamlakatlari elchilarining fikricha, O‘zbekistonga kelishning soddalashtirilishi turizm rivojlanishining asosiy omilidir. 

Tadbirda ziyorat turizmini rivojlantirish haqida ham alohida so‘z yuritildi, ichki turizm istiqboliga jiddiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

Поделиться