O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Navoiyda qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?

2018-03-01 | Jamiyat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2017-yil 28-mart kuni Navoiy viloyatiga borgan edi.

Tashrifi davomida davlatimiz rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishgan edi. Jumladan, Nurota tumanidagi "Chashma" ziyoratgohi yonidagi muzey binosi, “Hunarmandchilik markazi” majmuasi, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona loyihalarini vaqtida sifatli amalga oshirish, "Chashma" ziyoratgohi maydonini kengaytirish va obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar bergan edi. 

Xo‘sh o‘tgan davr mobaynida mazkur loyihalar ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirildi? Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan ko‘rsatmalar nechog‘li uddalandi? 

Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilish, sayyohlik, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirish bugunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Zero, tarixni anglash ma’naviyatni yuksaltirish, madaniyatni oshirish, ayniqsa, millat ruhida faxr tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Navoiy viloyatining Nurota tumani qadimiy boy o‘tmishga ega, turizm salohiyati yuksak hududlardan biridir. Tumandagi "Chashma" ziyoratgohi yil davomida sayyoh va ziyoratchilar bilan gavjum. Majmuada mehmonlarga qulaylik yaratish, hududning asl tarixi va madaniyatini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususun, bugungi kunda majmua atrofida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ziyoratgoh yonida muhtasham muzey binosi, "Hunarmandchilik markazi" majmuasini barpo etish ishlari davom etmoqda. Obida yonida 50 o‘ringa mo‘ljallangan milliy mehmonxona qad rostladi. 

– Mehmonxonani bunyod etishda hududning arxitektura tarixi, o‘ziga xos me’morchiligi puxta o‘rganildi, – deydi “Buyuk imorat qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nuriddin Aripov. – Qurilish ishlariga respublikamizning turli hududlaridan usta-hunarmandlar jalb etildi. Masalan, qo‘qonlik ustalar keramika ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsa, shiftlarni bezashda buxorolik qo‘ligul ustalar mehnatidan keng foydalanildi. Maskanda har bir detalga alohida e’tibor qaratilib, mehmonlar uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, binoning yerto‘la qismida sport zali hamda dam oluvchi ziyoratchilarga namozxona ajratilgan. Birinchi qavatda imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun maxsus xonalar tashkil etilgan. 

Nurota tumani hokimi o‘rinbosari Anvar Jumayevning ta’kidlashicha, "Chashma" majmuasi atrofini ko‘rkam ko‘rinishga keltirish maqsadida atrofdagi xonadonlarning ma’lum qismi boshqa, aholi uchun qulay hududlarga ko‘chirilmoqda. Tig‘iz va biroz betartib uylar o‘rnida 2 va 3 qavatli turar joy binolari quriladi. Zamonaviy ko‘p qavatli xonadonlarning 1-qavatida hunarmandlik rastalari va savdo do‘konlari joylashadi. Masalan, 3 qavatli uyning yuqori qismida uy-mehmonxona tashkil etilishi xorijiy sayyohlarning o‘zbek oilasi turmushi, xususan, Nurota madaniyati bilan yaqinroq tanishish, milliy taomlarning tayyorlanish jarayonlarini o‘rganishiga imkoniyat yaratadi. 

Joriy yilda obida hududidagi “Chilustun” va “Panjvaqta” masjidlari rekonstruksiya qilinadi. "Chashma"ga kirish darvozasi ikki yonida muhtasham kutubxona hamda anjumanlar zali barpo etiladi. Majmuaning yuqori qismidagi “Nur” qal’asi o‘rnida milliy ko‘rinishdagi kuzatuv maydoni joylashadi. 

Bugungi taraqqiyotni barqaror energiyasiz tasavvur qilish qiyin. Energetika tizimining sifatli faoliyat ko‘rsatishi hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini tashkil etish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalarning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. 

Navoiy issiqlik elektr stansiyasi Qizilqum yer osti boyliklarini o‘zlashtirish, tog‘-kon sanoati va ishlab chiqarish majmuasini barpo etishda muhim o‘rin tutdi. Atigi 25 ming kilovatt quvvatli stansiya bilan ish boshlagan korxona bugun batamom yangi tizimga o‘tmoqda. Korxonada ikkinchi bosqichda 450 megavatt quvvatli zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi loyihasi amalga oshirilayotir. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatlari kabi yirik korxonalar, iqtisodiyotimizda salmog‘i tobora oshib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyati aynan shu stansiyada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga bevosita bog‘liq. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashrifi davomida ana shu loyiha taqdimotida ham ishtirok etib, Navoiy IES ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi qurilishi boshlanishi munosabati bilan kapsula qo‘ygan edi. 

Ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati va hududdagi qishloq xo‘jaligi iste’molchilarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi. Loyihani amalga oshirish natijasida 1 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilg‘ining sarfi kamayishi hisobidan yiliga o‘rtacha 330 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. 

Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation and MHPS” konsorsiumi va Navoiy issiqlik elektr stansiyasi o‘rtasida 2016 yil oktabr oyida mazkur loyihani amalga oshirishga doir shartnoma imzolangan edi. Bugungi kunda qurilish maydonchasida mobilizatsiya hududi, ya’ni – ikkita beton zavodi, ofislar, omborxonalar, quruvchi xodimlar uchun oshxona, dam olish xonalari va boshqa yordamchi binolar tiklandi. Asosiy uskunalar bino inshootlari poydevorlariga beton quyish uchun tayyorlanmoqda. Qurilma 2020 yilda to‘la ishga tushiriladi. Shu kunlarda qurilish maydonchasida 870 kishi ish bilan band bo‘lib, shundan 134 kishi chet ellik mutaxassislardir. Maydonchaga 51 dan ortiq mashina va mexanizmlar jalb qilingan. 

Navoiy issiqlik elektr stansiyasi mintaqadagi sanoat va ishlab chiqarish korxonalari, kichik va o‘rta biznes subyektlari, maishiy-kommunal sektorni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlovchi asosiy manba hisoblanadi. Stansiyada 1963 yilning fevral oyidan, ya’ni stansiya ishga tushgandan joriy yil boshigacha qariyb 358 milliard 265 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shu davr mobaynida iste’molchilarga 206 million 576 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi yetkazib berildi. 

Stansiyada 2023 yilda quvvati 450 megavatt bo‘lgan navbatdagi uchinchi loyihani ishga tushirish bo‘yicha texnik-iqtisodiy yechimlar ustida ish olib borilmoqda. Belgilangan loyihalar to‘liq amalga oshirilgach, stansiyaning jami quvvati 2 ming 258 megavattga yetadi. 

Korxonada dastlabki 478 megavatt quvvatli zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bug‘-gaz qurilmasi loyihasi qurilishi va uni o‘zlashtirish jarayonida orttirilgan boy tajriba hisobidan mamlakatimiz energetika tizimidagi boshqa stansiyalar uchun ham xodimlar tayyorlash va qayta tayyorlash maqsadida stansiya bazasida o‘quv markazi tashkil etilmoqda. Korxona rahbariyati ushbu o‘quv markazini ochish, unda dars beruvchi xodimlarni tayyorlash, markazni texnik va dasturiy jihatdan ta’minlash uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda va uning moliyaviy ko‘magida ish olib bormoqda. Ana shu markazda tinglovchilarga saboq beruvchi stansiyaning 8 kishidan iborat bir guruh mutaxassisi o‘tgan yilning mart oyida Yaponiyada bir oylik o‘quv-trening kurslarida bo‘lib qaytdi. Tez kunlarda yana bir guruh mutaxassislarning Yaponiyaga jo‘natilishi rejalashtirilgan. 

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 26 yanvarida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2026 yilgacha quriladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ayni paytda kombinatda 2026 yilgacha qiymati 3 milliard dollar bo‘lgan 27 investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi, 30 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi. 

Eng muhimi, kombinat tarkibida yangidan tashkil etiladigan tarmoqlarning barqaror ishlashi uchun ham energiya ta’minoti manbalari zarur. Tahlillarga ko‘ra, 2026 yilga borib Navoiy kon-metallurgiya kombinatining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 303 megavattga oshib, jami 703 megavattga yetadi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasidagi yirik loyihalar mazkur islohotlarning istiqboli uchun muhim bo‘ladi. 

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi yirik loyihalardan biri – 5-gidrometallurgiya zavodini barpo etish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda. Umumiy qiymati 396 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyiha yiliga 5 million tonna rudani qayta ishlash, 5 ming 300 ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi. 

Ayni paytda 700 nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotgan konda bahaybat ekskavatorlar, burg‘ulash mashinalari, “BelAZ” rusumli 55 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega avtoag‘darg‘ichlardan keng foydalanilmoqda. G‘arbiy Amantaytau va Nukrakon konlaridagi oksidlangan rudalar zaxirasini qayta ishlash loyihasi doirasida G‘arbiy Amantaytau va Uzunbuloq kar’erlarida konchilik ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. 

Shuningdek, 2017-2022 yillarda bosqichma-bosqich Auminzo-Amantay koni negizida 30 dan ortiq o‘rta va yirik oksidlangan va sulfidli ruda konlarini ochish ko‘zda tutilgan. Xullas, 2023-yilga qadar 5-gidrometallurgiya zavodida ishlab chiqarish to‘la quvvatga chiqadi.

 

Nuriddin Rahimov, O‘zA

Поделиться