O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fizika-matematika olimpiadasi g‘oliblari aniqlandi
2018-03-01 | Texnologiyalar
Yoshlarning fizika va matematika fanlariga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent axborot texnologiyalari hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlari bilan hamkorlikda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi fizika va matematika fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadasini tashkil qildi.
Respublika olimpiadasida mamlakatimiz hududida joylashgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi yoki bitirgan o‘quvchilari, shuningdek, o‘n bir yillik umumiy o‘rta maktablarning 11 sinf bitiruvchilari ishtirok etdilar.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi fizika va matematika bo‘yicha Respublika olimpiadasiga 2018 yilning 20 yanvarida start berilgan edi. Dastlabki bosqich tanlovning www.matfiz.uz saytida 20 yanvardan 10 fevralga qadar onlayn rejimda o‘tkazilgandi. Unda jami 4755 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tib, 4 ming nafar o‘quvchilar onlayn testda ishtirok etganlar. Mazkur bosqichda 80 balldan yuqori natijaga erishgan 585 nafar ishtirokchi navbatdagi bosqichda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Shundan so‘ng Toshkent axborot texnologiyalarining viloyatlarda joylashgan bo‘linmalarida shu hudud hamda mintaqaviy viloyatlardan kelgan o‘quvchilar ishtirokida olimpiadaning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. Yozma imtihonlar yakuniga ko‘ra, eng yuqori natijani qayd etgan 13 nafar o‘quvchi 23 fevralda o‘tkazilgan so‘nggi bosqichda ishtirok etdilar.
Natijalarga ko‘ra, O‘tkir Sultonov, Umrbek Masharipov va Muhriddin Sa’dullaev Respublika olimpiadasining g‘oliblari deb topildilar.
G‘oliblar hamda so‘nggi bosqichga yetib kelgan o‘quvchilar diplom va “O‘zbekiston pochtasi” AJ, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi, Elektromagnit moslashuv markazi DUK, UNICON.UZ hamda Toshkent shahridagi INHA universitetining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, so‘nggi bosqichning barcha qatnashchilariga Toshkent shahridagi Inha universitetining o‘quv markazida ingliz tilini bepul o‘rganish uchun yo‘llanma taqdim etildi.