Mamlakatimizda uy-joylar barpo etish va ijtimoiy-maishiy qurilishni jadal rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yangilash borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar tufayli shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tubdan o‘zgarib bormoqda. Bunda sohaga zamonaviy arxitektura yechimlari va ilg‘or texnologiyalar keng joriy qilinayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da ochilgan an’anaviy xalqaro ko‘rgazmalarda bu sohadagi eng sara mahsulot va xizmatlar namoyish etilmoqda. Jumladan, “WorldBuild Tashkent – 2018” ko‘rgazmasida qurilish va pardozlash materiallari, ularni ishlab chiqarishdagi ilg‘or texnologiyalar hamda “AquaTherm Tashkent – 2018” ko‘rgazmasida isitish, havo tozalash va sovutish tizimlari, suv ta’minoti, santexnika, sun’iy hovuzlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalari taqdim qilinayotir.
Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ilg‘or xorijiy tajriba, arxitektura va dizayn sohasidagi yutuqlardan, shuningdek, innovatsion dasturiy yechimlardan foydalangan holda shaharsozlik loyihalarini ishlab chiqishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida yangi sanoat va ijtimoiy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar bunyod etilmoqda. Investitsiya muhiti yaxshilanib, ishlab chiqarish har tomonlama rag‘batlantirilayotgani sohadagi xalqaro hamkorlikka keng yo‘l ochmoqda.
Ushbu ko‘rgazmalarda Germaniya, Italiya, Turkiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Finlyandiya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Qozog‘iston kabi jahonning 24 mamlakatidan kelgan savdo va sanoat tashkilotlari, qurilish kompaniyalari, isitish tizimlari uchun moslamalar, xomashyo va butlovchi qismlar yetkazib beruvchi 170 dan ziyod firma o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etmoqda.
– O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati rivojlanayotgani xorijiy kompaniyalarni mamlakatingizda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishga undamoqda, – deydi “Consmos” kompaniyasi bosh menejeri Zhang Shaolong (Xitoy). – Kompaniyamiz pol va shift uchun turli yog‘och qoplamalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, mahsulotlarimiz Amerika, Yevropa, Janubiy Osiyo davlatlariga eksport qilinadi. Ko‘rgazma doirasida o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlik yuzasidan muzokara olib boryapmiz. Mamlakatingizning geografik joylashuvi, tranzit imkoniyatlarini inobatga olgan holda kelgusida istiqbolli sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz.
– Italiyalik ishlab chiqaruvchilar O‘zbekistonni savdo bo‘yicha muhim sherik, deb biladi, jumladan, bizning kompaniya ham, – deydi “Novacolor” (Italiya) kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Saidakmal Shoabdujalilov. – Korxonamiz quruq qurilish qorishmalari, suvoq materiallari ishlab chiqaradi. An’ana tusini olgan ushbu ko‘rgazmada ilk bor o‘tgan yili 10 turdagi mahsulot bilan qatnashgan edik. Natijada O‘zbekistonda doimiy faoliyat yuritadigan distribyuterlik markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Joriy yil 30 turdagi mahsulotimiz bilan ishtirok etmoqdamiz.
Mamlakatimiz iqlim sharoiti issiqlik ta’minoti, havo sovutish va suv yetkazib berish bo‘yicha samarali muhandislik yechimlarini joriy etishni taqazo qiladi. “AquaTherm Tashkent – 2018” yettinchi xalqaro ko‘rgazmasi ana shu masalaga bag‘ishlangan.
– Kompaniyamizning eng yaxshi ishlanmalarini taqdim qilmoqdamiz, – deydi “Navien Energy” kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha savdo rahbari Yuriy Cho (Janubiy Koreya). – Ko‘rgazmada energiya tejaydigan, quyosh batareyalari yordamida ishlovchi samarali isitish tizimlarini taqdim etdik. O‘zbekistonda shu sohada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonida ishtirok etishni rejalashtirganmiz.
Ko‘rgazma doirasida sohada yuqori samaradorlikka ega texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha taqdimot va seminarlar o‘tkaziladi.
Ulug‘bek Shonazarov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA