O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Marg‘ilonda yangi kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda
2018-03-01 | Iqtisodiyot
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati–O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari ishtirokida turli tadbirlar, deputatlik eshituvlari tashkil etilmoqda.
Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar kengashidagi partiya deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-avgustdagi “Farg‘ona viloyatida joylashgan ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, shuningdek, davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi muhokama etildi.
Bugungi kunda bo‘sh turgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, davlat mulki obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ular negizida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali aholini ish bilan ta’minlash muhim masalalardan sanaladi. Marg‘ilon shahrida ham mazkur yo‘nalishda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Qaror asosida sobiq “Qishloq qurilish bazasi” va “Ulgurji savdo bazasi”da yangi kichik sanoat zonalari tashkil etish belgilangan.
Qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish hamda aniqlash bo‘yicha idoralararo komissiyasi tomonidan shahardagi 400 dan ortiq obyekt xatlovdan o‘tkazildi. Shundan 43 obyekt bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlariga ega ekanligi, 36 obyekt esa buzilganligi aniqlandi. Bugungi kunda investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tarmoq jadvallari tasdiqlangan bo‘lib, amaliy ishlar olib borilmoqda. Yig‘ilishda mas’ul tashkilot rahbarlarining bu borada amalga oshirilayotgan ishlarining hisoboti eshitildi. Tadbirkorlarning loyihalarni amalga oshirishdagi muammolariga alohida e’tibor qaratildi.
Farg‘ona viloyatida ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalar, bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari hamda yer uchastkalaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ijrosini bajarishda shaxsiy mas’uliyatni oshirishga kelishib olindi.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA