O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Internet ommaviy axborot vositalari rivojlanmoqda
2015-05-02 | Jamiyat
Toshkentda O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida "Internet jurnalistikasini rivojlantirishning dolzarb masalalari" mavzusida respublika konferensiyasi o'tkazildi.
Tadbirda axborot sohasini isloh qilish yuzasidan davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari, tegishli milliy qonunchilikni takomillashtirish, onlayn ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, media sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, internet OAV segmenti uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, veb-nashrlardagi maqolalar mavzularini kengaytirish va sifatini oshirish, xabarlar tarqatishga ixtisoslashgan milliy internet resurslar va davlat organlari axborot xizmatlari o'rtasidagi mustahkam hamkorlikni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar xodimlari, media soha ekspertlari, markaziy va hududiy bosma hamda internet OAV jurnalistlari, shuningdek, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullayev, BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori S.Prisner va boshqalar O'zbekistonda Prezident Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosi doirasida ommaviy axborot vositalarining roli va ta'sirini kuchaytirish, jurnalistlarning ijtimoiy maqomi va kasb nufuzini oshirish, soha xodimlarini moddiy va ma'naviy rag'batlantirish bo'yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.
Ushbu jarayon kundalik hayotimizga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining faol joriy etilayotgani bilan uyg'unlikda milliy axborot makonini zamonaviy va ilg'or media tarmoqlar – raqamli va mobil, internet televideniye, internet radio va internet nashrlar bilan boyitishga yordam bermoqda. Jumladan, bugun uch yuzdan ortiq veb-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan.
Tadbirda mamlakatimizda axborotni tezkor va qulay shaklda uzatish vositasi sifatida internet jurnalistikasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani, uning usullarini har tomonlama va chuqur o'zlashtirishga bo'lgan intilish milliy matbuotimiz xalqaro media makonida munosib o'rin egallashining muhim omili bo'lib xizmat qilayotgani ta'kidlandi.
O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bu borada o'z hissasini qo'shmoqda. So'nggi yillarda fond tomonidan yuqori malakali jurnalist, tahlilchi va sharhlovchilar tayyorlash, nufuzli xalqaro media kompaniyalar, xorijiy hamkasblar bilan samarali ijodiy aloqalar o'rnatish, yosh mutaxassislar kasb mahorati va tajribasini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirildi.
Konferensiyada sohaga doir milliy qonunchilikni takomillashtirish masalalari, so'z va axborot erkinligini ta'minlash borasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda onlayn jurnalistika, milliy internet segmentida ijtimoiy bloglar va tarmoqlarni rivojlantirish masalalari ham kun tartibidan o'rin oldi.