O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Isroil jurnali O‘zbekiston bo‘ylab sayohatning o‘ziga xosliklari haqida

2018-02-28 | Turizm

Isroilda nashr etiladigan “Sayohatlar olami” jurnalining fevral oyiga mo‘ljallangan sonida “Endi O‘zbekistonga - vizasiz safar” sarlavhali maqola bosilib chiqdi.

Ma’lumki, joriy yil 2018-yilning 10-fevralidan O‘zbekistonda yetti mamlakat, jumladan Isroil fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz kelish tartibi joriy etildi.Respublikamizga vizasiz kirib kelgan dastlabki sayyohlarni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A. Abduhakimov Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportda kutib oldi va O‘zbekiston bo‘ylab maroqli sayohatni tilagan holda ularga esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.

Maqolada qayd etilganidek, Isroilda mamlakatimizdan borgan qariyb 100 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Endi ular hech bir mone’liksiz O‘zbekistonga kelishlari, o‘zlarining ota-bobolari yashab o‘tgan joylarni ziyorat etishlari, qarindosh-yaqinlari va do‘stlari bilan diydor ko‘rishishlari mumkin.

Nashr, shuningdek, O‘zbekiston o‘zining boy tarixi va madaniyatini avaylab asrab kelayotgan ko‘hna mamlakat ekanligini ham alohida ta’kidlagan. “Bu yerda umumjahon ahamiyatiga molik madaniy qadriyat hisoblanadigan 7300 dan ziyod tarixiy qadamjolar mavjud. Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Farg‘ona vodiysi singari sayyohlik markazlari butun dunyoga mashhurdir”.

“Sayohatlar olami” jurnali O‘zbekiston o‘zining ajoyib va diltortar tabiati bilan ham mashhurligini o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilgan. Sayohatchilar Chimyon tog‘larida chang‘ida uchishlari, Surxondaryo va Zominning tog‘li hududlari bo‘ylab piyoda yurishlari, ot va tuyalarda sayr qilishlari va, albatta, chinakam o‘tovda yashashlari mumkin.

Nashr O‘zbekistonga kelgan sayyohning mehmonxona yoki dam olish maskanida, qarindoshlari yoki do‘stlarining uyida mehmon sifatida yashashi bilan bog‘liq jarayonlarda ro‘yxatdan o‘tishning soddalashtirilgan tartiblari haqidagi ma’lumotlarni atroflicha qalamga olgan.

Yuqoridagilar bilan birga, maqola intihosida mamlakatimizda sayyohlik industriyasini rivojlantirish borasida ro‘y berayotgan diqqatga molik o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlar ham o‘z ifodasini topgan.

Поделиться