O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar namoyishi
2018-02-28 | Jamiyat
Mardon Xolmirzayev Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining uchinchi kurs talabasi. U tanlagan sohasi bo‘yicha bilimini mustahkamlash barobarida ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanmoqda. Avtomatik sug‘orish qurilmasi Mardonning shunday urinishlari samarasidir.
Qurilma ekinlarni sug‘orishda suvni ortiqcha isrof qilishning oldini olishga yordam beradi. Undagi avtomatik boshqaruv sababli dalada ish kuchi talab etilmaydi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ADWEEK marketing va reklama haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar” ko‘rik-tanlovida iqtidorli talaba-yoshlar qatorida Mardon Xolmirzayev ham o‘zi yaratgan qurilma loyihasi bilan ishtirok etdi.
Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili munosabati bilan ko‘rik-tanlov va mahorat darslarini o‘zida jamlagan innovatsion yarmarkaga olimlar, keng jamoatchilik vakillari, xorijlik mutaxassislar, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori B.Hodiyev, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari U.Begimqulov, innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari A.Umarov va boshqalar O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim omillardan bo‘lgan innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ijobiy natija berishini ta’kidladi.
– Iqtisodiyotning globallashuvi ilm-fan va innovatsiyalar bilan bog‘liq. Buning uchun esa ichki imkoniyatlarni ishga solgan holda, iqtidorli va kreativ mushohada qiladigan talaba-yoshlarni kashf etish mexanizmini takomillashtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi akademik Q.Abdurahmonov. – Bugungi kunda insoniyatning texnologiyalarga ehtiyoji shiddat bilan o‘sib bormoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan ko‘rik-tanlov ishtirokchilar uchun o‘z innovatsion biznes g‘oyalari, loyihalari va ishlanmalariga keng yo‘l ochishga xizmat qildi.
Tanlovda Toshkent shahridagi 12 oliy o‘quv yurtining iqtidorli talabalari ishtirok etdi. “Eng yaxshi innovatsion biznes g‘oya va loyihalar”, “Eng yaxshi innovatsion AKT va ishlanmalar” hamda “Eng yaxshi innovatsion texnika va texnologiyalar” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– “Eng yaxshi innovatsion texnika va texnologiyalar” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldim, – deydi I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali uchinchi kurs talabasi Azizjon Shirinboyev. – Unda “Neft-gaz quduqlariga ishlov beruvchi kislotali eritma” mavzuidagi loyiha bilan qatnashdim. Ustozim Abdulla Mag‘rupov ko‘magida bu loyiha uchun amalga oshirilgan 63 xil laboratoriya ishlarining har biri 60-120 marotaba bajarildi. Mazkur loyiha amaliyotga tatbiq etilsa, konlardan gaz qazib chiqarish hajmini ikki baravardan to‘rt martagacha oshirish imkonini beradi.
Innovatsion yarmarkaning ikkinchi qismida mamlakatimizda yirik investitsion loyihalarni amalga oshirib kelayotan biznes vakillari ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi. Unda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i D.Azimov, yurtimizdagi qator kompaniyalarning rahbar va mutaxassislari o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.