O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

4 milliarddan oshiq so‘m—bu kam mablag‘ emas. Iste’molchilar nima uchun tashkilotlardan norozi bo‘layotganini anglayapsizmi?

2018-02-28 | Jamiyat

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yil mobaynida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 14 ming 127 ta murojaat, ariza, taklif va shikoyat kelib tushgan. Ularning 91,9 foizi ijobiy hal etilib, yetkazilgan 4 milliard 397 million 410 ming so‘mlik zarar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

O‘zA muxbirining O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov bilan suhbatida shu kabi masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
 
– Bozor munosabatlari sharoitida har bir inson iste’molchi sifatida o‘z huquqini himoya qilishga ehtiyoj sezadi, – deydi J.Sarimsoqov. – Bu tushuncha uzoq tarixga ega. To‘g‘ri, yaqin o‘tmishda iste’molchi huquqi ikkinchi darajaga tushib, mahsulot ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar manfaati ustuvor sanalgan davrlar ham bo‘lgan. U paytlarda iste’molchining sud himoyasi ham amalda mavjud emas edi. Bugun vaziyat boshqacha. Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. 1996-yil 26 -aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashkil etildi.
 
Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalab, bu boradagi qonun hujjatlarini keng targ‘ib qiladi. Qonunchilikda belgilangan tartibda ichki bozorda sotilayotgan iste’mol tovarlarining sifati va xavfsizligini, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarining boshqa talablariga rioya etishni ta’minlash monitoringini o‘tkazadi. Bundan tashqari, aholining iste’mol madaniyatini oshirishga doir ma’rifiy ishlarni olib boradi.
 
Hozir federatsiya tizimida 14 ta hududiy birlashma, 195 ta tuman, shahar jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda. Yurtimizdagi turli korxona, tashkilot va muassasalarda 6091 ta tayanch guruhi tashkil etilgan bo‘lib, federatsiya a’zolari 520 ming 181 nafarni tashkil etadi.
 
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida har oyning ikkinchi o‘n kunligi federatsiya markaziy ijro etuvchi apparati rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari, tuman va shahar jamiyatlari ijro apparatlari raislarining aholi bilan muloqot kunlari etib belgilandi.
 
Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlar bilan ishlashning sifat jihatdan yangi va samarali tizimini joriy qilish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha qarorlar qabul qilinishi ustidan tizimli monitoring hamda nazoratni amalga oshirish maqsadida “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari tashkil etildi. Ularga aholi bilan bevosita ishlash uchun yetarli bilim, tashkilotchilik, murojaatlarni tahlil qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan tajribali mutaxassislar biriktirildi. Huquqiy maslahatxonalarga 5 ming 182 murojaat kelib tushdi. Murojaat egalariga qonun talablaridan kelib chiqib, huquqlari tushuntirildi. Davlat va nazorat organlariga, sud organlariga murojaat qilish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari orqali federatsiya va uning hududiy ijro organlariga iste’molchilardan kelib tushgan 508 ta murojaatdan 505 tasi ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga 80 million 353 ming 950 so‘m qayta hisob-kitob qilib berildi.
 
O‘tgan yilda aholini ish bilan ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida qator istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etildi. Ana shunday loyihalar doirasida federatsiyaning moddiy va amaliy ko‘magida o‘nga yaqin tadbirkorlik subyekti ish boshladi. 2018 yilda federatsiya tomonidan “Endi men ham tadbirkorman” loyihasi doirasida tadbirkorlikka ilk qadam qo‘yayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kredit olishida kafil bo‘lish hamda istiqbolli biznes g‘oyalariga mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
 
Xalqimizning turmush darajasi, dunyoqarashi 10-15 yil ilgarigi holatdan keskin farq qiladi. Ammo hanuzgacha sifati past tovarlar sotish, talabga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish holatlari uchramoqda. Achinarlisi, hatto inson salomatligi va hayotiga xavf soluvchi tovarlar ham iste’mol bozoriga kirib kelmoqda. Bunga “O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamkorligida Toshkent shahridagi “O‘rikzor” bozorida o‘tkazilgan tadbir natijalari misol bo‘la oladi. Sotuvdagi bolalar o‘yinchoqlarining belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash maqsadida olingan namunalar tekshirilganda ularda bolalar salomatligiga jiddiy xavf soladigan zaharli moddalar borligi aniqlandi.
 
Federatsiyaning xalqaro hamkorligi rivojlanmoqda. Vetnam, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Hindiston, Malayziya, Turkiya bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
 
Iste’mol madaniyatini umumiy madaniyatning bir shakli sifatida tushunish lozim. Jahon tajribasidan ko‘rish mumkinki, davlat tomonidan qonunlar yoki boshqa normativ huquqiy hujjatlarda iste’molchilar manfaatlarini himoyalovchi normalar belgilanishi, maxsus vakolatli idoralar tashkil etilishining o‘zi kam. Ya’ni bosh manfaatdor shaxs – iste’molchi faollik qilmasa, muammolar barham topishi qiyin.
 
Mamlakatimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan mustahkam qonunchilik tizimi yaratilgan. Iste’molchi tovarning nomi, bahosi, asosiy xususiyatlari, kim tomonidan, qayerda ishlab chiqarilgani, foydalanish tartibi va shartlari kabi o‘zini qiziqtirgan barcha ma’lumotlarni sotuvchidan so‘rab, bilib olishga haqlidir. Iste’molchi madaniyati avvalo qonunni bilishni va uni qo‘llay olishni talab etadi. Shunday ekan, yoshlarimizda ushbu ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ta’lim muassasalari dasturlariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bo‘yicha maxsus kurslar kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA

Поделиться