O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Niderlandiya biznesi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga qiziqish bildirmoqda
2018-02-28 | Iqtisodiyot
30 dan ortiq Niderlandiya kompaniyalarining 50 ga yaqin vakillari “Agro World Uzbekistan 2018” 13-xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida ishtirok etadi. 2018-yil mart oyi o‘rtalarida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan mazkur tadbirda ko‘pchilik Niderlandiya kompaniyalari o‘z stendlarini taqdim etishlari kutilmoqda.
O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi va Niderlandiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra ushbu kompaniyalarning aksariyati meva va sabzavot sektorida, jumladan issiqxonalar va kartoshka yetishtirish segmentida faol ish olib borsa, boshqa bir qismi chorvachilik, xususan sut mahsulotlari ishlab chiqarish va parrandachilik bilan shug‘ullanadi.
Agrar soha O‘zbekiston-Niderlandiya hamkorligining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Qayd etilganidek, Niderlandiya O‘zbekiston davlat tuzilmalari, tadqiqot institutlari, xususiy sektor bilan birgalikda hamda xalqaro moliya institutlari ko‘magida mamlakatimizda meva-sabzavot va chorvachilik sohalarini ya’nada rivojlanishiga katta hissa qo‘shish salohiyatiga ega.