O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Manasdagi ishlar Jomda aks-sado berdi

2018-02-27 | Jamiyat

Keyingi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p tilga olingan, muhokama etilgan mavzu bu – Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ida boshlangan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan yangi tizim – “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha boshlangan ishlar nainki manasliklar, balki yurtimizning barcha qishloqlarida yashovchi aholining kayfiyatini ko‘tarib, ularni ham bunyodkorlikka chorlamoqda. Mahalliy hokimliklar, sektorlar rahbarlari esa o‘z hududlaridan muammolari ko‘p bo‘lgan, sharoiti og‘ir qishloqlarni tanlab, ularni namunali maskanga aylantirishga kirishmoqda. 

Samarqand viloyati hokimligi ham ushbu tashabbusdan ruhlanib, Nurobod tumanining olis Jom qishlog‘ida keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini boshladi. 

Jom nafaqat Nurobod tumani, balki yurtimizning eng qadimiy, yirik aholi maskanlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda “Jom” qishloq fuqarolar yig‘inidagi 6 mahallada 30 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. 

O‘tgan hafta viloyat hokimligining ishchi guruhi mazkur hududning infratuzilmasi, ijtimoiy soha obyektlari va aholi xonadonlarining holatini o‘rganib, xalq bilan muloqot uyushtirdi. Qishloqda mavjud muammolarni o‘rgandi. Shu asosida dastur tuzilib, dastlabki bosqichda Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalarini obod maskanga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi. 

Kuni kecha Jom qishlog‘ida Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev hamda barcha sektorlar rahbarlari, tuman, shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, viloyatdagi boshqarma, idoralar, jamoat tashkilotlari boshliqlari ishtirokida ushbu loyihalarning taqdimoti o‘tkazildi, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. 

– Tegishli sohalar mutaxassislari xulosalari, qishloq aholisining taklif va istaklari asosida ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, ikki mahallada zamonaviy mahalla markazlari, “Nuroniylar maskani” va choyxona, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi, – deydi Samarqand viloyati arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i N.Sodiqov. – Hududdagi madaniyat va aholi dam olish markazi atrofida zamonaviy istirohat bog‘i, xotira maydoni, yozgi amfiteatr, muzey va boshqa inshootlar bunyod etiladi. Jom bozori zamonaviy arxitektura talablari bo‘yicha rekonstruksiya qilinadi. Qishloq hududidagi 5,4 kilometr yo‘lga asfalt yotqiziladi, 22 kilometr ichki yo‘llarga qum-shag‘al to‘kilib, tekislanadi. Hozirda yo‘l qurilishi korxonalari tomonidan zarur texnika vositalari va ishchi kuchi jalb etilib, bu ishlar boshlab yuborildi. Bundan tashqari, qishloq hududidagi kasb-hunar kolleji va umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari ham ta’mirlanadi. 

Jomdagi eng muhim masalalardan biri – aholi xonadonlarida zamonaviy turmush sharoiti yaratish, kommunal sohalardagi muammolarni bartaraf etishdan iborat. Shu maqsadda Jom mahallasidagi 1 ming 65 va Girdiqo‘rg‘ondagi 757 xonadonning holati o‘rganilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilandi. Avvalo, barcha uylarning kadastr hujjatlarini tayyorlash choralari ko‘rilmoqda. Xonadon egalariga uy-joyni zamon talablari darajasida ta’mirlash uchun loyihalar taqdim etildi. Bu ishga imkoniyati yetmaydigan oilalarga viloyat hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, bir qator boshqarma va idoralar, tadbirkorlar homiylik yordami ko‘rsatadigan bo‘ldi. Qishloq hududidan o‘tuvchi soy bo‘yida qurilgan o‘ttizga yaqin noqonuniy qurilishlar boshqa joyga ko‘chiriladi. 

Uy-joyi bo‘lmagan o‘ndan ortiq oila uchun zamonaviy uy-joy qurib beriladi. Shuningdek, 200 dan ortiq oilaga gaz plitasi va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari sovg‘a qilinadi. 

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ikkita artezian qudug‘i qazilib, suv minoralari o‘rnatiladi. Mavjud suv tarmoqlari ta’mirlanib, 500 metr masofaga yangi quvur tashlash rejalashtirilgan. Qishloq aholisining tarqoq joylashgani va elektr tarmoqlari pala-partish tortilgani tufayli bu borada ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Eski, yaroqsiz simyog‘ochlar yangisiga almashtiriladi va yangi tarmoqlar tortiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1000 ga yaqin simyog‘och o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. 15 ta zamonaviy, kichik transformator qo‘yiladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda qishloq fuqarolar yig‘inidagi 4 ming 500 dan ortiq xonadonning 2 ming 400 tasi gaz balloni bilan ta’minlangan va belgilangan muddatlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Hududda amalga oshiriladigan ijtimoiy-iqtisodiy loyiha doirasida barcha xonadonlar gaz ballonlari bilan ta’minlanadi. Gaz ballonlarini o‘z vaqtida to‘ldirib kelish uchun Jom qishlog‘i uchun alohida transport vositasi ham ajratildi. 

– Bir hafta davomida qishloq fuqarolar yig‘inidagi 2 ming 700 dan ortiq xonadonga kirib, aholi bilan suhbatlashdik, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari M.Boboyorov. – Ushbu muloqotlar davomida 2000 dan ortiq muammo qayd etilib, ularning 430 tasi tegishli sohalar mutasaddilari tomonidan joyida hal etildi. Boshqa masalalarning har biri yuzasidan ham aniq vazifalar, mas’ullar belgilanib, muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 30 nafar keksa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ehtiyojmand oilalar vakillarining fuqarolik pasporti almashtirildi. Olti mahallaning har biridan 10 kishidan, jami 60 nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 

Loyihani amalga oshirish davomida hududdagi aholining barcha qatlami malakali mutaxassislar jalb etilgan holda, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shu maqsadda ayni paytda viloyatdagi yetakchi tibbiyot markazlarining 30 dan ortiq malakali mutaxassislari jalb etilib, Jom qishloq oilaviy poliklinikasida ushbu jarayon boshlangan. 

– Bizda bahor Jomning qir-adirlari yam-yashil libosga burkanishi bilan boshlanadi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Nurobod tumani bo‘limi raisi A.Sharipov. – Ayni chog‘da keng dalalarda bahor nafasi ufurmoqda. Lekin bu yilgi ko‘klam jomliklar qalbidagi iliqlik, nafaqat ertangi, balki bugungi kuniga ishonch bilan boshlandi. Qishloqdagi ulkan bunyodkorlik ishlari xalqimiz kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Bugun tunu kun qishloqda hayot qaynamoqda. Transport vositalari tugul, odamlar yayov yurishga qiynaladigan ko‘chalarda qudratli texnikalar ishlayapti. Olis qir bag‘ridagi uyda ham zamonaviy turmush sharoiti yaratilmoqda, chiroq porlab turibdi. Yo‘llardan obodlik boshlanib, xonadonlarga kirayotir. Bugun katta-yu kichik hasharga otlangan. O‘z xonadoni, qishlog‘i ko‘rkamligi uchun harakat qilyapti. Odamlarni harakatga chorlagan, xalqimizni uyg‘otgan tashabbusdan barchamiz xursandmiz.

 

G‘olib Hasanov, O‘zA

Поделиться