O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlik delegatsiyasi MWC-2018 xalqaro anjumanida ishtirok etmoqda
2018-02-27 | Texnologiyalar
26 fevral kuni Ispaniyaning Barselona shahrida Mobile World Congress (MWC) 2018 – axborot texnologiyalari sohasi va hukumatlar vakillari, mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar ishtirokidagi navbatdagi mobil texnologiyalar va yechimlarga bag‘ishlangan Jahon mobil kongressi bo‘lib o‘tmoqda.
Mobile World Congress anjumanida “UZTELECOM” AK, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspektsiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillaridan iborat delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Jadal rivojlanib borayotgan yangi texnologiyalar, xizmat ko‘rsatishning yangi turlari insonlar turmush tarzi va kasbiy faoliyatiga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda. Mazkur kongress ushbu jarayonlarning markazi bo‘lib, shu kunlari hukumatlar va sanoat vakillari keyingi rivojlanish bosqichlari yuzasidan fikr almashadilar.
Ushbu anjuman GSMA – 220 davlatdan 800 ta mobil operatorlarni atrofida birlashtirgan GSM assotsiatsiyasi boshchiligida o‘tkaziladi. “Yorqin kelajakni yaratish” shiori ostida o‘tayotgan kongress mobaynida ishtirok etuvchilar quyidagi tadbir va anjumanlarning guvohi bo‘lishadi. Anjuman doirasidagi ko‘rgazmada jahonning 1600 ziyod IT-brendlari va kompaniyalari mahsulot hamda xizmatlarini namoyish qiladilar.