Davlat idoralari xodimlarini hamon bir narsa, ya’ni qog‘ozbozlik illati qiynab keladi. Nafaqat yuqori idoralarga, balki bir-biriga hisobot jo‘natish, aslida natijasi bo‘lmagan raqamlarni qayd etib, bir-birini aldash “an’anasi” hamon uchrab turibdi.
Bundan bir oy muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining kengaytirilgan hay’at majlisida aynan shu masala tanqid ostiga olingan edi. “Huquqiy targ‘ibotga oid hisobotlardan o‘rin olayotgan raqamlarni ko‘rgan odam qo‘rqib ketadi. Qani buning natijasi?” degan haqli savol o‘rtaga qo‘yilgan edi. Xo‘sh, yig‘ilishda tilga olingan shu va sohaga oid boshqa kamchiliklar bartaraf etildimi? Yoki bu yig‘ilish ham oddiy majlisbozlikdan bittasi bo‘lib qoldimi?
O‘zA muxbiri bu savollarga javob topish maqsadida O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletovga murojaat qildi:
— Adliya organlari faoliyatida ko‘rsatib o‘tilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularga takroran yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha “yo‘l xaritalari” tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Qog‘ozbozlikka chek qo‘yish maqsadida doimiy nazoratda bo‘lgan topshiriq xatlar xatlovdan o‘tkazildi. Natijada o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 27 topshiriq xati bekor qilindi. Vazirlik bilan barcha adliya organlari o‘rtasidagi yozishmalar to‘liq elektron tizimga o‘tkazildi.
Statistik hisobotlar soddalashtirildi, ularni taqdim qilish muddatlari qisqartirildi va ularni qabul qilish to‘liq elektron tizimga o‘tkazildi. Hisobotlarni taqdim qilish bo‘yicha adliya organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligi oshirildi. Bu borada takroran mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.
Aholining huquqiy ongini oshirish, shu jumladan ularga huquqiy ma’lumotlarni tezkor yetkazishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda.
Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqlarda (“Facebook”, “Instagram”, “Twitter”, “Odnoklassniki”, “Vkontakte”, “Youtube”) sahifalari mavjud bo‘lib, keyingi 4 oy ichida ularga 100 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.
“Facebook”dagi “Adliya bilan muloqot” sahifasining hozirda 7,5 ming nafardan ortiq a’zosi bor. Mazkur sahifa bevosita fuqarolar bilan muloqot qilish platformasiga aylanib ulgurdi. “Xalq bilan muloqot” guruhi Adliya vazirligi rahbariyati tomonidan boshqarib borilyapti. Bu sahifa eng yirik loyihalardan biri bo‘lib, 125 ming a’zosiga ega.
“Telegram” messendjeridagi “Huquqiy axborot” kanalining esa 80 ming a’zo bor. Ushbu kanal orqali 2,5 mingdan ortiq huquqiy axborot tarqatildi.
“Huquqiy axborot” videoblogi tashkil etilib, unda adliya xodimlari tomonidan yangi qabul qilingan qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyati keng ommaga yetkazilmoqda. Hozirgi kunga qadar uning 12 soni tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatildi.
Shu bilan birga, aholiga ma’lumotlarni yetkazishda broshyura, flayyer va ijtimoiy roliklardan keng foydalanilmoqda.
2018-yil 21-fevral kuni Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mazkur kengash faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalar hamda aholini huquqiy ongini oshirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar atroflicha muhokama etildi. Jumladan, yig‘ilishda aholining aniq toifasi uchun (yoshlar, pensionerlar o‘qituvchilar, shifokorlar va h.k.) “Manzilli huquqiy targ‘ibot” loyihasini amalga oshirish, mahallalarda “Huquqiy axborot kuni”ni tashkil etish, bunda aniq bir kunda oldindan kelishilgan yo‘nalish bo‘yicha malakali mutaxassislar tomonidan aholiga huquqiy tushuntirishlar berilishini ta’minlash kabi masalalar hamda aholini huquqiy ongini oshirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bundan tashqari, turli muammoli masalalar, xususan, migratsiya, moddiy yordam, yer olish, uy-joy olish, kommunal masalalar, imtiyozlar, aliment, ishga joylashish, ta’lim olish va boshqa masalalar bo‘yicha huquqiy axborotni buklet, flayer, liflet va plakatlar shaklida aholiga yetkazish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
“Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida barcha hududiy adliya organlarining alohida sahifasi ochildi. Ular orqali aholi bilan muloqot doirasi kengaymoqda.
“Telegram” messendjeridagi “Huquqiy axborot” kanalining qoraqalpoq tilidagi shakli ham ishga tushirildi.
Notarial idoralar, FHDYo organlari, davlat xizmatlari markazlari xodimlarining asosiy vazifasi aholiga tezkor va sifatli xizmatlar ko‘rsatish hisoblanadi. Shu sababli ularni ortiqcha tabirlarga va samarasiz yig‘ilishlarga jalb qilmaslik bo‘yicha tegishli choralar ham ko‘rilmoqda.
Notarial idoralar va FHDYo organlari xodimlari uchun targ‘ibot rejalarini tasdiqlab berish amaliyotiga chek qo‘yildi.
Adliya vazirligining 2018-yil 27-yanvardagi hay’at qaroriga asosan har bir adliya xodimi tomonidan kelgusidagi ish faoliyatida “fuqarolar adliya idoralari faoliyatidan rozi bo‘lishi kerak” degan tamoyilga qat’iy va og‘ishmay amal qilinishi belgilandi.
Adliya odamlar bilan eng ko‘p muloqot qiladigan, turli yo‘nalishda davlat xizmatlari ko‘rsatadigan, ularni huquqiy tafakkurini yuksaltirishga hissa qo‘shadigan vazirlik hisoblanadi. Shu bois xalq bilan hamnafas bo‘lish uchun tunu-kun izlanishdamiz. Xoh ijtimoiy tarmoqda bo‘lsin, xoh eng chekka, internet yetib bormagan qishloqlardagi insonlarning xonadonlarida bo‘ladimi barcha bilan hamnafas bo‘lishga, sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatishga harakat qilinmoqda. Odamlar bizdan rozi bo‘lishlari uchun bor imkoniyatlardan foydalanayapmiz.
Joriy yil mart oyida o‘tkazilishi belgilangan “adliya sayli”ning asl maqsadi ham shu. Unda malakali mutaxassislar hamda advokatlar tomonidan fuqarolarga bepul maslahatlar beriladi. Ushbu tadbir keyinchalik ham doimiy ravishda amalga oshiriladi.