O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ADWEEK haftaligi–yagona ma’rifiy va muloqot maydoni
2018-02-27 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida ADWEEK marketing va reklama haftaligi boshlanishi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mazkur haftalik “Milliy marketing markazi” korxonalar uyushmasi tomonidan Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Intellektual mulk agentligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i D.Azimov, “Milliy marketing markazi” korxonalar uyushmasi boshqaruvi raisi D.Mirzaahmedov, Rossiyaning “Khisam Communications” kompaniyasi rahbari T.Xisamov va boshqalar O‘zbekistonda marketing sohasini, ayniqsa, reklamani rivojlantirish, bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularga nazariy va amaliy ko‘mak berish borasidagi chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdi.
An’anaviy o‘tkazilayotgan marketing va reklama haftaligi o‘ziga xos muloqot maydoni hisoblanadi. U marketing mutaxassislarini birlashtirishga, mavjud brendlarni, marketing loyihalarni yaratish va reklama kampaniyalarini ishlab chiqishga turtki beradi.
– Haftalik ishtirokchilari reklama vositasi orqali biznes yuritishning foydali jihatlari, milliy reklamani huquqiy tartibga solish va boshqa ko‘plab mavzular bo‘yicha fikr almashadi, – deydi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i D.Azimov. – Ular mahalliy va xorijiy ekspertlarning fikrlarini tinglash bilan bir qatorda katta muvaffaqiyatga erishgan chet ellik marketing mutaxassislari bilan muloqotda bo‘lib, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, haftalik yangi muloqotlar o‘rnatish, intellektual munozaralarda ishtirok etish va g‘oyalar almashuvi uchun juda qulay imkoniyatdir.
Haftalik doirasida marketing konferensiyasi, marketing va reklama ko‘rgazmasi, ADWEEK reklama tanlovi hamda innovatsion yarmarka, workshop va panelli munozaralarni o‘tkazish rejalashtirilgan.