O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiya–taraqqiyot kushandasi
2018-02-27 | Jamiyat
Kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat qurishga qonun ustuvorligini, fuqarolar hamda mansabdor shaxslarining qonun oldida tengligini ta’minlash orqaligina erishiladi. Har bir odamning huquqiy madaniyati, jamiyatda qonun ustuvorligi bu maqsadga erishishning muhim shartlaridan hisoblanadi.
Xo‘sh, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga nimalar xalaqit bermoqda? Odamlarning huquqiy madaniyati qay darajada?Mamlakat taraqqiyoti kushandasi – korrupsiyaga qarshi kurashishning bugungi ahvoli qay darajada?
Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishda shular haqida so‘z bordi.
Viloyat adliya boshqarmasi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hududiy bo‘linmalari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda davlat organlari va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarlik”, “korrupsiyaga qarshi kurashish”, “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi tushunchalarning aniq va to‘liq bayon etilgani ta’kidlandi. Bu tushunchalarni har bir fuqaro bilishi uchun aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik munosabatini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu jinoyatni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish, ushbu huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
– O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunini aholiga keng tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarur, – deydi O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari N.Kamolova. – Rejalashtirilgan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishda jamoat tashkilotlari faol ishtirok etishi yaxshi samara beradi. Bugungi kunda ularning soni ham, kuch va imkoniyatlari ham yetarli. Yana bir muhim jihat, huquqiy mavzudagi tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilgani uchun emas, odamlarga foydali bo‘lishini hisobga olib, tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish kerak.
Fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xabardorligi va huquqiy ongini oshirishda davlat va NTTlar o‘zaro hamkorligi mexanizmlari hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlari vakillari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar bildirildi. Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, 2018 yilda idora va tashkilotlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha belgilangan amaliy chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.