O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Root Extract mahsulotlari Hindiston bozorini zabt etmoqda
2018-02-26 | Iqtisodiyot
Mamalakatimizning Dehlidagi elchixonasi O‘zbekistondagi Root Extract xususiy korxonasi asoschisi K.Niyazovning Hindistonga xizmat safarini amalga oshirishga ko‘maklashdi.
2014-yilda tashkil etilgan Root Extract MCHJ qizilmiya ildizini yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida ushbu o‘simlik ekinzorlari va qayta ishlash quvvatlari mavjud. Korxona asoschisi Kozim Niyazov so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mahsulotni qayta ishlash jarayoniga innovatsion g‘oyalarga asoslangan so‘nggi texnologiyalar jalb qilinmoqda.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Hindiston iste’mol bozoriga olib kirish, bu borada yirik hamkorlar bilan uzoq istiqbolga mo‘ljallangan aloqalar o‘rnatish maqsadida joriy yilning 19-23-fevral kunlari O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi bilan hamkorlikda korxona rahbarining Hindistonga safari amalga oshirildi.
Tashrif davomida “Hindiston-MDH” Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, Dabur India Limited, Nature & Nurture Healthcare, La Fresh Fruits va boshqa hind kompaniyalari bilan muzokaralar tashkil etildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida Root Extract xususiy korxonasi tomonidan 2018-yilda Hindiston bozoriga 600 ming AQSH dollari qiymatida qizilmiya mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tomonlar hamkorlik ko‘lamini bosqichma-bosqich kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Xususan, hindistonlik hamkorlar bilan birga O‘zbekistonda qizilmiyadan dorivor mahsulotlar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.
Alohida qayd etish lozimki, uchrashuvlar davomida Hindiston va jahon bozorida 120 yillik ulkan tajriba va mustahkam o‘ringa ega bo‘lgan Dabur India Limited ko‘p tarmoqli kompaniyasi rahbari yaqin muddatlarda O‘zbekistonga tashrif buyurib, diyorimizdagi investitsiya imkoniyatlarini yaqindan o‘rganish, Root Extract korxonasidagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish istagini bildirdi.