Toshkent temir yo‘l vokzalida Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan askarlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda jamoatchilik vakillari, askarlarning ota-onalari, yoshlar ishtirok etdi.
Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor O‘rolboyev, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zosi, Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi raisi Nozim Habibullayev va boshqalar bugungi Vatan himoyachilari nafaqat yirik imperiya asoschisi, balki buyuk sarkarda bo‘lgan Sohibqironning munosib avlodlari ekanini ta’kidladi.
– Men artilleriyada xizmat qildim, – deya taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi Termizdan qaytgan oddiy askar Abdulaziz Abdumannonov. – Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda o‘qishga kirish uchun qo‘mondonlik tomonidan beriladigan tavsiyanomani qo‘lga kiritdim. Armiyadagi xizmat hayotiy tajribamni boyitdi, do‘stlik va yigitlik lafziga sodiq qolishni, umrning har lahzasini qadrlashni o‘rgatdi.
Askarlarni ota-onalari bag‘riga qaytarish maqsadida serjant Umurzoq Xudoyorov harbiy qismdan ularga hamrohlik qildi.
– Jangovar tayyorgarlikda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan oddiy askarlar Nodirjon Rahmonov, Akmaljon Tolipovlarni alohida tilga olmoqchiman, – dedi u. – Shubhasiz, bu yigitlar buyuk Amir Temurning shonli ishlarini munosib davom ettiradi.
Yigitlar harbiy orkestr sadolari ostida vokzal perroni bo‘ylab ota-onalar va mehmonlar olqishlari ostida safda tantanali qadam tashladi. Ulg‘aygan, ruhan yetuk o‘g‘lonlar mustaqil O‘zbekiston kelajagini quradi.
Ablay Kamolov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA