O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonlik 735 mingga yaqin soliq to‘lovchi shaxsiy kabinet orqali murojaat qildi
2018-02-26 | Jamiyat
Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini amaliyotga joriy etish, interaktiv xizmatlardan foydalanish ko‘lami yildan-yil kengaymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining "Elektron davlat xizmatlari – my.soliq.uz" portali ham aholi, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari uchun keng qulayliklar yaratmoqda.
Mazkur interaktiv xizmatdan foydalanuvchi soliq organi idorasiga borib o‘tirmaydi. Portalda yuridik, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, ya’ni soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetlari joriy etilgan bo‘lib, nazorat-kassa mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ortiqcha soliq to‘lovlarini qaytarish to‘g‘risida arizalar, soliq hisoboti va deklaratsiyalarni elektron ko‘rinishda yuborish kabilarni bajarishi mumkin. Shuningdek, to‘langan summalar, soliq qarzi mavjud emasligi, ortiqcha to‘lov kabi ma’lumotlarni ham olish imkoniyati yaratilgan.
Portalning qulayligi shundaki, kerakli xizmatlarni tez va oson qidirish mumkin. Ya’ni, davlat soliq xizmati organlarining barcha elektron davlat xizmatlari – interaktiv va axborot davlat xizmatlariga ajratilgan. Har bir xizmatda foydalanuvchilar uchun qo‘llanma, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha javobgar shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.
– Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasining “Elektron davlat xizmatlari – my.soliq.uz” portali orqali 35 turdagi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda, – deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i Xayrullo Solijonov. – Shundan 15 axborot davlat xizmati, 20 interaktiv davlat xizmati tarkibiga kiradi. Aytish mumkinki, viloyatimizda mazkur xizmatlardan foydalanuvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Hozirgi kunda 43 ming nafar soliq to‘lovchi o‘z shaxsiy kabinetiga ega.
Andijon viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari tufayli o‘tgan yili 43 ming nafar foydalanuvchi tomonidan 735 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Bu albatta portalning takomillashib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni va sifati ortib borayotgani, eng asosiysi, soliq to‘lovchilarga yaratilayotgan qulayliklar samarasidir.
– “Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti” amaliyotga tatbiq etilgani barcha soliq to‘lovchilarga katta qulaylik yaratdi, – deydi Paxtaobod tumanidagi “Paxtaobod 114-qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobchisi Hakimjon Usmonov. – Gapning ochig‘i, avvallari oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun ham ko‘p vaqtimizni soliq idoralarida o‘tkazar edik. Ayniqsa, hisobot topshiradigan kunlari navbat kutishdan bezor bo‘lardik. Buning ustiga, hisobotda biror kamchilik bo‘lsa, yana qaytadan tayyorlab kelishimizga to‘g‘ri kelardi. Endi esa, hisobotlar va boshqa ishlarni kunning istalgan vaqtida shaxsiy kabinet orqali yuborish imkoniga ega bo‘ldik. Ortiqcha ovoragarchilik, qog‘ozbozlik yo‘qoldi.
Soliq to‘lovchilarga yaratilgan bu kabi davlat va interaktiv xizmatlar tadbirkorlik subyektlarining vaqti va sarf-xarajatlarini tejash bilan birga, ularning ish unumdorligini oshirishga katta yordam bermoqda.