O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Istiqbolli loyihalar – kelajak poydevori

2018-02-26 | Iqtisodiyot

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 28-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida bir qator istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Ushbu tashrifdan so‘ng viloyatda qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani, aholi kayfiyati, turmush farovonligi qay darajada yuksalgani aniq tahlillarda namoyon bo‘lmoqda. 

Mamlakatimizning oltin sandig‘i hisoblangan viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoat izchil rivojlanmoqda.

Prezidentimizning o‘tgan yilgi viloyatga tashrifi Qiziltepa tumanidagi Toshrabot mahallasidan boshlangan edi. Viloyatda yengil sanoatni rivojlantirish, konchilik, energetika, ilm-fan, ishlab chiqarish hamda turizm bo‘yicha qator loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Xo‘sh, mazkur taqdimotlardagi loyihalar ijobati hayotda qay darajada o‘z aksini topdi? 

Darhaqiqat, Navoiy viloyatida ham paxta tolasini chuqur qayta ishlash va jahon standartlari talabiga mos eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish salohiyati mavjud. Xususan, “Baxt tekstil”, “Brayt Navoiy tekstil”, “Toshrabot tekstil” va “Navbahor tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar asosida sifatli ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Qiziltepa tumanidagi “Toshrabot tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati yiliga 6 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada klaster usulidan keng foydalanilmoqda. 500 yangi ish o‘rni yaratilgan fabrikada yiliga 6-6,5 million dollarlik tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarilib, asosan eksportga yo‘naltiriladi. Xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonaning 2-bosqichi ishga tushirilgach, yana 500 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. 

Tumandagi 305 fermer xo‘jaligining 8 ming 713 gektar paxta maydoni Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Baxt tekstil” O‘zbekiston – Rossiya – Lixtenshteyn qo‘shma korxonasiga biriktirildi. 

– Korxonamizda ishlab chiqarish quvvati yuqori bo‘lgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan, – deydi korxona rahbari Furqat Tursunov. – Buning natijasida eksportbop sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Davlatimiz rahbari o‘tgan yil mart oyida viloyatga tashrifi davomida tumanda paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar bergan edi. Dastlab, korxonamiz 2 ming gektar paxta maydoniga ega edi, ayni paytda tasarrufimizdagi yer maydoni 4 barobar kengaydi. Tuman mirishkorlari bilan tuzilgan shartnoma rejasi 110 foizga bajarilgani klaster usulining yanada istiqbolli ekanini isbotladi. Yerni shudgorlashdan tortib, urug‘ qadash, ishlov va o‘g‘it berish, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, o‘simlik va hasharotlarga qarshi dori vositalari bilan ta’minlash, o‘z vaqtida oziqlantirish va sug‘orish ishlari monitoringi yuritildi. Tizim o‘zini oqladi. Buning uchun 42 nafar tajribali mutaxassis ish bilan ta’minlandi. 

Tumandagi “Yangi asr” naslchilik fermer xo‘jaligida ming bosh qoramol va ming bosh echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik majmuasi hamda sutni qayta ishlash zavodi tashkil etish borasidagi amaliy ishlar dastlabki natijalarini bera boshladi. Loyiha qiymati 18 milliard so‘m bo‘lgan ushbu majmua uchun 510 gektar yer maydoni ajratish, yiliga 6 ming tonna sutni qayta ishlash va 150 tonna go‘sht tayyorlash belgilangan edi. Bu yerga Germaniyadan 400 boshga yaqin naslli sigir keltirildi. Natijada 40 kishi ishli bo‘ldi.

– Shinam va zamonaviy ko‘rinishdagi majmua chorvachilikni rivojlantirish uchun barcha talablarga javob beradi, – deydi fermer xo‘jaligi raisi Jobir Temirov. – Ayni paytda sog‘in zalining qurilish ishlari yakuniga yetmoqda. Mazkur bo‘lim Turkiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Navbatdagi, sutni qayta ishlash sexi ishga tushgach, 12 turdagi sifatli mahsulotlar tayyorlanadi. Naslchilik ishlari ham alohida e’tiborga olingan. Jumladan, bo‘rdoqichilik borasida ham tizimli rejalar ishlab chiqilgan. 2019-yilda bu yerda 500 bosh naslli echki parvarishini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Eng asosiysi, ko‘zda tutilgan loyihalar to‘liq amalga oshirilgach, 70-80 nafar aholi doimiy ish bilan band bo‘ladi. 

Baliqchilik – serdaromad soha. Viloyatda baliqchilikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan. Ayni paytda 170 ming gektardan ortiq tabiiy va sun’iy suv havzalari mavjud. 76,1 ming gektar tabiiy suv havzasi 27 xo‘jalikka ijaraga berilgan. 1,2 ming gektar sun’iy suv havzasida 172 baliqchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur xo‘jaliklar tomonidan o‘tgan va joriy yil boshiga qadar 14,3 ming tonna baliq ovlanib, iste’molchilarga yetkazib berilgan. 

To‘dako‘l suv ombori havzasida “Akva To‘dako‘l” qo‘shma korxonasi tomonidan Vetnam texnologiyasi asosida baliq chavog‘i yetishtiruvchi inkubatsiya sexi barpo etildi. Ayni paytda korxona tomonidan mavjud binoga yiliga ming tonna baliqni qayta ishlash sexini moslashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. 

– 250 tonnalik muzlatkichli omborxonani barpo etish, Xitoydan keltirilayotgan texnologik liniyalarni o‘rnatish borasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda, – deydi “Akva To‘dako‘l” qo‘shma korxonasi muassisligidagi “Baliqchi-2003” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ilhom Tursunov. – 400 tonna baliq filesi va 350 tonna yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda baliq kotleti tayyorlash sexlari tashkil etilmoqda. Korxona mahsulotlari asosan, Turkiya, Rossiya va Ukrainaga eksport qilinadi. Eng muhimi, sexlarda 80 dan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi. 

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi davomida hududda baliqchilik sanoatini yanada rivojlantirish borasida tabiiy suv havzalaridan samarali foydalanish xususida to‘xtalib, ayrim kamchiliklarni ham qayd etgan edi. Jumladan, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida baliqchilikni rivojlantirish, ushbu havzalardan foydalanishni tartibga solish, noqonuniy baliq ovlashga chek qo‘yish, bu yerda inkubatsiya sexlari tashkil etish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani tanqid qilingan edi. 

Bu masalaga ijobiy yechim topish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi huzurida “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Ko‘l havzasida baliq yetishtirish bo‘yicha mamlakatimizning barcha viloyatlariga 14 hudud ajratib berildi. 

Aydarko‘lning viloyatga tegishli hududida 5 baliqchilik fermer xo‘jaligi faoliyat yuritayotir. Ular tomonidan 2017-yilda 330 tonnadan ortiq baliq yetishtirilib, aholi dasturxoniga yetkazib berilgan. Mazkur suv havzasida noqonuniy baliq ovlash bilan shug‘ullangan brakonerlarga qarshi kurashish maqsadida Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan 2017-yilda 3 marta reyd o‘tkazilgan va “uddaburon” brakonerlarga nisbatan qat’iy qonuniy choralar ko‘rilgan. Qayiq, baliq ovlash to‘rlari va noqonuniy ovlangan baliq mahsulotlari musodara qilingan. 

Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifidan so‘ng yangi loyihalarni amalga oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholi turmush darajasini yanada oshirish borasida muayyan ishlar bajarildi. Ayni paytda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. 
 

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA

Поделиться