O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

2018-02-23 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi. 

Navro‘z bayramining beqiyos ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu qutlug‘ ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida: 

1. 2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan, “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini o‘n kun muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin. 

2. Mazkur dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin: 

Navro‘z munosabati bilan inson o‘zini tabiat farzandi, uning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni asrab-avaylashga, bugungi tinch, erkin va farovon hayotni qadrlab, uni himoya qilib yashashga chorlaydigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilish; 

barcha shahar va qishloqlarda Navro‘zning tarixi, mazmuni va falsafasini, ushbu bayramni o‘tkazish bilan bog‘liq urf-odatlar, qadriyat va an’analarning mohiyati va ahamiyatini o‘zida mujassam etgan ommaviy sayillar o‘tkazish; 

Navro‘z kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg‘araz ko‘mak berish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor-etnografik guruhlari va ansambllarni, taniqli san’atkorlar, havaskor xonanda va sozandalar, baxshilar, askiyachi va qiziqchilar, dorbozlarni, yosh ijrochilarni keng jalb etish; 

xalq sayillari dasturlarini tayyorlashda xalqona o‘yinlar, folklor san’atining eng yaxshi namunalariga keng o‘rin berish, hunarmandlik ko‘rgazmalarini tashkil etish, ibratli oila, ibratli mahalla, ibratli maktab, mohir baxshi, mohir laparchi yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitob bayramlarini tashkil etish. 

3. Tashkiliy qo‘mita tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, ijodiy kechalar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin. 

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin. 

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga: 

Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha hokimlar rahbarligida hududiy komissiyalar tuzish; 

bayram sayillarini barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda bosqichma-bosqich ravishda yuqori saviyada, ob-havo sharoitini hisobga olgan holda tashkil etish yuzasidan tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash; 

mart-aprel oylarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligini tashkil etish hamda bu boradagi ishlar eng yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tuman, qishloq va mahallalar tajribasini ommalashtirish; 

Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylari, kam ta’minlangan oilalar va nogiron shaxslarga moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish vazifalari yuklansin. 

6. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan; 

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi. 

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin. 

8. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin. 



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                             Sh.MIRZIYOYEV 


Toshkent shahri, 2018-yil 23-fevral 

Поделиться