Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi tizimida “Ezgulik patruli” ish boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, viloyatda xavfsiz turizmni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu guruh xorijiy tillarni biladigan malakali xodimlardan tarkib topgan.
Istarasi issiq, ochiq chehrali, xizmat kiyimi o‘ziga yarashib turgan yigit-qizlar Urganch va Xiva shaharlarida jamoat tartibini saqlash, shaharliklar va mehmonlarga soha bo‘yicha zarur xizmatlar ko‘rsatish barobarida o‘zlariga murojaat qilgan har qanday fuqaro bilan muloqotda samimiy, agar zarurat bo‘lsa, birinchi tibbiy yordam ko‘rsata oladi. Eng muhimi, zamonaviy aloqa vositalari va xizmat anjomlari bilan ta’minlangan ushbu xodimlar xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladi.
– Bugun barcha sohalarda bo‘lgani kabi ichki ishlar tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov. – Ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolarimiz hamda yurtimizga kelgan mehmonlar qonuniy huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashdir. Ularning asosiy xizmat vazifasi hududda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bilan birga, viloyatga kelgan sayyohlarga mehmonxonalar, bekat yo boshqa biror-bir manzilni ko‘rsatishda yordam berishdan iborat.
– Ichki ishlar xodimlari kiygan bu liboslarni ko‘rib, hamma havas qiladi, – deydi oilaviy tadbirkor Ozoda Tillayeva. – Ular barcha bilan samimiy va do‘stona munosabatda bo‘layotir. Biz ko‘p yillardan buyon oilamiz bilan “Ichan qal’a” majmuasida milliy hunarmandlik bilan shug‘ullanib kelamiz. Sayyohlar va bizning xavfsizligimizni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar natijasida sayyohlar oqimi ham kundan-kun oshib, milliy hunarmandlik mahsulotlarimiz savdosi ham yaxshilanmoqda. “Ezgulik patruli” xodimi va xodimasi chin ma’noda ezgulik himoyachisi bo‘lishiga ishonaman.
Bugungi kunda bu kabi «Ezgulik patruli» Xiva shahrining “Ichan qal’a” majmuasi, Urganch temir yo‘l vokzali va xalqaro aeroporti atrofida xizmat olib borayotgan bo‘lsa, kelgusida ularning safini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Xorazm viloyatida ichki ishlar organlarining otliq patrul guruhlari xizmati ham tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yildi.
Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA