O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shayxulislom Ollohshukur POSHSHOZODA: Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni yanada yuksak marralarga eltuvchi munosib rahbar

2018-02-23 | Jamiyat

O‘zbekiston butun islom olami uchun muhaddislar, olimu ulamolar yetishtirib bergan muqaddas yurt sifatida dunyoda shuhrat qozongan. Islom dini garchi Arabistonda qaror topgan bo‘lsa-da, u o‘zbek zaminidan quvvat olganini dunyo musulmonlari yakdil e’tirof etishadi. Qadimdan Samarqandu Buxoro shaharlaridagi madrasalarda diniy hamda dunyoviy fanlardan birdek saboq berilgani bois bu yerga kelib o‘qishni islom olami yoshlari orzu qilishgan. Toshkent, Termiz, Nasaf kabi shaharlarda ham ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat, adabiyot, san’at ilohiyotshunoslikka yo‘g‘rilgan holda gurkurab rivojlangani haqida tarixiy ma’lumotlar guvohlik beradi.

Ma’lum bir vaqtlar oralig‘ida e’tiqodu imon sinovdan o‘tib turishi rad etib bo‘lmas haqiqat ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Islom dini sobiq sho‘ro rasmiylarining tazyiqlariga uchrab, ayrim din peshvolarining ateizm degan fan bilan shug‘ullana boshlaganlari ham bor gap. O‘shanday murakkab paytlarda ham O‘zbekistonda, xususan, Buxoro, Toshkent shaharlarida o‘zbek ulamolari bir qator diniy maktablarni saqlab qolishga erisha olgan edilar. So‘zimning isboti sifatida istibdod ayni kuch olgan davrlarda Buxorodagi Mir Arab, Toshkentdagi Baroqxon madrasalari hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti faoliyat olib borganini aytishim mumkin. Mavjud hokimiyatning qarshiligi, turli tazyiqu nazoratlar ostida bu dargohlarda o‘sha davrlarda ham tolibu ilmlarga islom dinining asosiy aqoidu arkonlari haqida chuqur bilimlar berishga erishilar edi.
 
Jumladan, Imom Termiziy va Imom Buxoriyning hadis to‘plamlari, Abu Mu’in Nasafiyning aqida ilmiga oid “Aqoid an-Nasafiy”, Abu Barokot Nasafiyning Qur’on tafsiri ilmiga oid “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” (“Tafsir an-Nasafiy”), Nizomiddin Shoshiyning fiqh ilmiga oid “Usul ash-Shoshiy” kabi nodir manbalarining asl matnlari mazmun-mohiyati haqidagi saboqlarni men ham Toshkentda, 1971 yilda muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlarining 1225 yillik tavalludi munosabati bilan tashkil etilib, 1974 yildan buyon Imom Buxoriy nomi berilgan Toshkent islom oliy o‘quv yurtida olganman. Sobiq ittifoqdagi yagona bu oliy dargohda Kavkazorti, Shimoliy Kavkaz, Ozarbayjon, Sibir hamda boshqa joylardan ham talabalar kelib o‘qishardi. Chuqur ilohiy bilimlarga ega o‘zbek ulamolari bu yerda bizga Qur’oni karim qiroati va tafsiri, fiqh, hadis ilmi, balog‘at ilmi, arab tili hamda shu kabi mutaxassislik fanlarini zo‘r ishtiyoq bilan o‘rgatishardi.
 
Mening shayxulislom bo‘lib yetishishimda o‘zbek xalqining, ateizm hukm surgan o‘sha murakkab davrda ham menda yuksak ma’naviyat, bag‘rikenglik, bosiqlik, ahillik kabi fazilatlarni tarbiyalagan o‘zbek zaminining katta hissasi bor. Aynan shu yerda biz, sho‘ro davri musulmonlari insoniyatga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik keltiruvchi chinakam islom ruhi bilan kamol topdik. O‘zbekistonning islom tamadduniga qo‘shgan hissasi xususida so‘z ketar ekan, biz muhtaram o‘zbek ustozlariga hurmat ko‘rsatishni muqaddas burchimiz, deb hisoblaymiz. Men o‘zimni muftiy Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon, Yusufxon Shokirov, Abdulg‘ani Abdullayev, Maxtum Sattiyevning shogirdi, deb bilishdan faxrlanaman. Ularni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.
 
Shu sababli bo‘lsa kerak, bu muqaddas dargohda saboq olgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Usmonxon Alimov (O‘zbekiston), Ahmad Qodirov (Rossiya Federatsiyasining Checheniston Respublikasi), Tal’at So‘fi Tojiddin, Ravil Gaynutdin (Rossiya), Ismoil Berdiyev (Rossiya Federatsiyasining Qorachoy-Cherkes Respublikasi) singari ulamolar, siyosatchilar dinu diyonat masalalariga e’tibor berila boshlangan paytlarda turli respublikalarda islom dinining qaddini yana tiklash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdilar. Xalqlarni imon-e’tiqod, ma’naviyat-ma’rifat, odob-axloqqa da’vat etuvchi kitoblar yozib, Qur’oni karim, hadisi sharifni tarjima qilish hamda tafsirlash bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Shu bois ularning ayrimlari hozir hayot bo‘lmasalar ham, amalga oshirgan ezgu va savobli ishlari bilan zamondoshlari xotirasida mangu qoldilar.
 
Turkiy xalqlarning faxri bo‘lgan qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov bir paytlar o‘zbek xalqining Markaziy Osiyoga ta’sirini qadim Vizantiyaning Yevropaga ta’siriga tenglashtirgan edi.
 
Islom diniga munosabat masalasida ham o‘zbek xalqi turli murakkab davrlarda imon-e’tiqodini, dinu diyonatini pok saqlab qolib, zamonaviy dunyoda islom madaniyatini targ‘ib etishda jonbozlik ko‘rsatdi, deb ishonch bilan ayta olaman.
 
O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, tez orada xalqning azaliy qadriyatlari qayta yuz ochdi. Muqaddas kitobimiz Qur’oni karim o‘sha yillardayoq Alouddin Mansur tarjimasida o‘zbek tilida chop etildi. Fiqhga oid “Muxtasar”, Hadis kitoblari, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Mahmud Zamahshariy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk zotlarning boy merosi xalq ongidan qaytadan joy olishi bu zaminga ilohiy nurlarini yog‘dirdi. O‘tmishdagi yuksak ma’naviy-ma’rifiy nufuzini bugungi kunda qayta tiklagan O‘zbekistonda islom diniga munosabat masalasida uzoq so‘zlash mumkin bo‘lsa-da, ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tishni joiz topdim.
 
Bu yerda islom ulamolari, avliyo-anbiyolarning qisqa fursat ichida obod qilingan maqbaralari aholi uchun ziyoratgoh, yoshlar uchun tarbiya maktabi, chet ellik sayyohlar uchun osoriatiqa sifatida yanayam qadrli bo‘lib bormoqda. Tevarak-atrofi bog‘-rog‘lar bilan qurshalib, zamonaviy mehmonxonalar, oshxonalar barpo etilgan mazkur muqaddas qadamjolar O‘zbekistonda nafaqat sayyohlik sohasining yanada rivojlanishiga, balki islom madaniyati targ‘ibotiga xizmat qiladi.
 
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida islom dinining dunyo miqyosidagi o‘rniga yuksak baho berdi hamda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolutsiyani qabul qilish tashabbusini ko‘tarib chiqdi. Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan, ilmning hamma uchun ochiqligini ta’minlash, din masalasidagi jaholatga barham berishni ko‘zda tutuvchi “Jaholatga qarshi ma’rifat” prinsipial yondashuvi o‘rnak olsa arzigulik.
 
Diniy va ma’naviy merosni saqlash, mavjud fondlarni boyitib borish, tarixiy manbalar bilan ishlash uchun mahalliy hamda xorijiy tadqiqotchilarga zarur sharoitlar yaratish, tarixiy-madaniy meros namunalarini har tomonlama o‘rganish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Endilikda O‘zbekistonda qadimgi qo‘lyozmalar, litografiya kitoblari, tarixiy hujjatlar, ilmiy va diniy maktablarga oid qadimgi merosni o‘rganish yanada samarali yo‘lga qo‘yiladi.
 
Shu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozim. Bugungi kunda dunyoda yechimi murakkab tuyulgan fojialarning hal etilishi aslida u qadar qiyin emas, aksariyatining javobi qadimiy qo‘lyozmalar sahifalarida mujassam. Ularni sinchiklab o‘qib-o‘rganish, taqqoslash, xulosalar chiqarish ko‘pgina chigal masalalarning hal etilishiga olib kelishi muqarrar. Bu boradagi ishlar O‘zbekistonda tizimli ravishda olib borilayotgani alohida e’tiborga sazovor. Chunki mazkur xayrli hamda savobli sa’y-harakatlar islom dinining ezgulik va ma’rifatparvarlikka yo‘g‘rilgan ta’limotini bashariyat ongiga sofligicha yetkazishi, uning mohiyatini missionerlar, soxta siyosatchilaru xudbin faylasuflar buzib talqin etishiga yo‘l qo‘ymayotgani bilan ulug‘vor hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mana shu uzviylikning mantiqiy davomi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Bu yurtda qadimda bo‘lgani kabi mazkur Akademiya tufayli diniy ilm-fan va ta’lim yanada taraqqiy topadi. Shu sababli, o‘ylaymanki, Shavkat Mirziyoyev mazkur Akademiyaning asoschisi sifatida uning birinchi akademikligiga loyiq hisoblanadi.
 
Buxoro shahri O‘rta asrlardayoq “Islom olamining quvvati” deb nom olgan. O‘sha zamonning ilg‘or dorilfununlari sanalgan madrasalarda tahsil ko‘rgan yoshlar keyinchalik ulug‘ olimu fuzalolar bo‘lib yetishishgan. Ular tafsir, fiqh va boshqa diniy ilmlar qatorida riyoziyot, handasa, jug‘rofiya, ilmi nujum singari dunyoviy bilimlarda ham yuksak kamolot kasb etishardi. Mirzo Ulug‘bek Buxoro hamda Samarqandda o‘zi bunyod qilgan madrasalar peshtoqlariga barcha zamonda ibrat olsa arziydigan oyatlar va hadislarni o‘z davrining mashhur xattotlari tomonidan yozdirib qo‘ygani ham bejiz emas. Bu yozuvlar bugungi O‘zbekiston yoshlari uchun ham ibratdir. Yuksak san’at darajasidagi ushbu yozuvlar mazmun-mohiyatining o‘zi islom madaniyatini dunyoga sof hamda tiniq tarzda ko‘rsata olishga arziydi.
 
O‘tgan yili oktabr oyida O‘zbekistonda “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Ushbu tadbirni tashkil etishga ko‘maklashganlardan behad mamnunman. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Geydar o‘g‘li Aliyevga mazkur o‘ta muhim tadbirni o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganliklari, shuningdek, konferensiya qatnashchilariga yo‘llagan tabrigidagi iliq fikrlari uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu davlat rahbarlari tomonidan xalqlarimizning diniy qadriyatlariga yuksak e’tibor ko‘rsatilayotganidan dalolat beradi.
 
Shu munosabat bilan bu qutlug‘ zaminga qadam qo‘yar ekanman, qalbimni cheksiz hayajon, surur egalladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari delegatsiyamizni qabul qilar ekan, mazkur anjuman millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikka xizmat qilishini ta’kidladi. Konfessiyalararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro hamkorlik tobora kengayib borayotgani, bugungi kunda dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan xalqaro terrorizm hamda ekstremizmga qarshi kurashda islom dinining asl qadriyatlari, insonparvarlik g‘oyalari samarali vosita ekanligini qayd etdi. Toshkentdagi muhtasham Simpoziumlar saroyida o‘tkazilgan nufuzli tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Irlandiya, Germaniya va boshqa davlatlar olimlari hamda diniy konfessiyalar vakillari qatnashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning maqsadi nechog‘li ezgu hamda dolzarbligini men konferensiya davomida chuqur his etdim. Bugungi kunda global jarayonlar, xavfsizlik va barqarorlikka nisbatan tobora kuchayib borayotgan tahdid hamda xatarlarga qarshi sa’y-harakatlarni birlashtirish, konfessiyalararo hamkorlik va muloqotni rivojlantirishni taqozo qilayotganini anjuman qatnashchilari ham e’tirof etishdi. Bu yerda muhokama qilingan millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, ta’limni rivojlantirish, yoshlarning axloqiy tarbiyasi singari masalalar, o‘ylaymanki, millatiyu e’tiqodidan qat’i nazar, g‘ayriaxloqiy munosabatlar shakllanib halokat yoqasiga ketayotgan mamlakatlar uchun ham muhimdir.
 
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Janobi Oliylarining ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigida islom dinining tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik, hamjihatlik singari jihatlariga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Turkiya Respublikasi Diniy boshqarmasi raisi Doktor Ali Erbash, Ozarbayjon Respublikasining Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Muboriz Qurbonli, Islom hamkorlik tashkiloti qoshidagi Islom tarixi, madaniyati va san’ati tashkilotining Istanbuldagi markazi (IRCICA) bosh direktori, doktor Xalit Eren, Ozarbayjon milliy akademiyasi prezidenti, akademik Akif Alizoda, Milliy Majlis deputati, Parlamentdagi ozarbayjon-o‘zbek do‘stligi guruhi rahbari Eldor Ibrohimov, Milliy Majlis deputati, Parlament qo‘mitasi raisi Siyovush Navro‘zov, Qorachoy-Cherkes Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi rahbari, Shimoliy Kavkaz musulmonlarining muvofiqlashtiruvchi markazi raisi, muftiy Ismoil Berdiyev chiqishlarida ham islomning insonparvarlik roliga alohida e’tibor qaratildi. Men bu anjumanda so‘zlagan nutqimni “Tinchlikni saqlashda dinning o‘rni” deb nomladim.
 
O‘zbekistonning buyuk, qardosh hamda do‘st o‘zbek xalqini chin dildan sevib, hurmat qilgan holda, unga Alloh irodasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Janobi Oliylari timsolida yurtdoshlarini yuksak muvaffaqiyatlar sari yetaklashga qodir, o‘zbek xalqining qadimiy tarixi, ma’naviy merosi, milliy hamda axloqiy an’analariga sodiq, dono va uzoqni ko‘zlovchi rahbar yuborilganidan mamnunman.
 
Har gal O‘zbekistonda bo‘lar ekanman, bu muqaddas yurtning gullab-yashnayotganiga guvoh bo‘lib, o‘zbek xalqi hayotidagi xayrli o‘zgarishlarni kuzatib, mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni yanada yuksak marralarga eltuvchi munosib rahbar. Uning boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchilik maqomini mustahkamlovchi muhim tarixiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Jumladan, biz, ozarbayjonliklar Prezident Mirziyoyevning mamlakatimizga tashrifini jonajon birodarimiz, samimiy va qadrdon do‘stimiz hamda dono shaxs sifatida intiqlik bilan kutayapmiz. Men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarini o‘zim uchun shunday kashf etdim va uni ayni sababdan dildan hurmat qilaman.
 
Har bir xalqning obro‘-e’tibori uning tarixi, ulug‘ siymolarining insoniyat tamadduniga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, o‘zbek xalqining o‘tmishda bo‘lgani kabi bugungi kunda ham dunyoga ezgulik va ma’rifat taratgan islom dinini yuksak e’zozlayotgani amaliy sa’y-harakatlarda namoyon bo‘lib turibdi. Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi 2016 yil 18-19 oktabr kunlari Toshkentda “Ta’lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida o‘tkazilgani, Hazrati Imom majmuida Islom sivilizatsiyasi markazini barpo qilish bo‘yicha olib borilayotgan ulkan amaliy ishlar fikrimizning dalilidir.
 
O‘zbek va ozar xalqlari do‘st-qardoshligi azaldan o‘zaro turmush tarzimiz, urf-odatlarimiz o‘xshashligida aks etib kelmoqda. O‘zbeklar “Navoiyxonlik”, “Bedilxonlik”, “Mashrabxonlik” qatori “Fuzuliyxonlik”ni ham jonu dili bilan xush ko‘rishadi. Umuman, tilimiz yaqin, qardoshu qarindoshmiz, dinimiz bir — bugungi kunda dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan mustaqil davlatlarning fuqarolarimiz. Qarangki, 2007 yilda “Toshkent — Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilingan bo‘lsa, 2017 yil Ozarbayjonda Islom birdamligi yiliga aylandi.
 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan Kavkaz musulmonlari idorasi o‘rtasidagi munosabatlar hamda aloqalardan mamnunmiz. Qadrdon birodarim, muftiy Usmonxon Alimov bilan birgalikda bizning qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatni ishga solamiz. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Odilovich Yusupov va muhtaram muftiy Usmonxon Alimovning Ozarbayjonga tashriflari xalqlarimiz ma’naviy birdamligining yuksak namunasi bo‘ldi. Bu esa hayotning barcha jabhasi, jumladan, davlat — din munosabatlaridagi hamkorlikning yuqori darajasini ko‘rsatib turibdi. O‘z navbatida, bu xalqlarimiz hamda davlatlarimizning yanada taraqqiy etishiga kuchli turtki beradi. Shubhasiz, davlat rahbarlari tomonidan davlat — din munosabatlarini mohirona tartibga solish, ularning dindorlar ehtiyoj va orzu-umidlariga e’tibor qaratishi jamiyatda ma’naviy-axloqiy barqarorlikni ta’minlashda muhim jihatlardan biridir.
 
Allohga shukronalar bo‘lsinki, O‘zbekistonda ham, Ozarbayjonda ham aynan shunday yondashuvning guvohi bo‘lib turibmiz. Rahbarlarimiz ma’naviyatning yuksalishiga, milliy hamda madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashga katta e’tibor qaratishmoqda.
 
Aminmanki, har ikki qardosh mamlakatning yetakchilari — Shavkat Miromonovich va Ilhom Geydar o‘g‘li o‘zlarining dono so‘zlari hamda amaliy sa’y-harakatlari bilan mintaqalarimizda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, xalqlarimizning muloqot va hamkorligini yanada chuqurlashtirishga katta hissa qo‘shishadi. InshaAlloh, mamlakatlarimiz kelgusida bundan-da gullab-yashnashi hamda baxt-saodatga erishishi azaldan taqdiri tutash O‘zbekiston va Ozarbayjonning munosabatlari bundan-da mustahkamlanishi hamda taraqqiy topishini Yaratgandan iltijo qilaman.
 
Birdamligimizga ko‘z tegmasin, Alloh ezgu niyatlarimizga madadkor bo‘lsin!
 
Shayxulislom Ollohshukur POSHSHOZODA,
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, 
MDH Dinlararo kengashi hamraisi, 
Kavkaz xalqlari Oliy diniy kengashi raisi.

Поделиться