O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston – Turkmaniston: yaxshi qo‘shnilik aloqalari yangi mazmun bilan boyimoqda

2018-02-23 | Siyosat

Turkmaniston elchixonasida 2017-yilda ushbu mamlakat tashqi siyosiy faoliyati hamda joriy yilda o‘tkazadigan xalqaro tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shiri Shiriyev 2017-yil Turkmaniston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirishda tarixiy davr bo‘lganini ta’kidladi. 

Oliy darajadagi doimiy muloqotlar O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi va amaliy mazmun bilan boyitdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk xorijiy tashrifini 2017-yil 6-7 mart kunlari Turkmanistondan boshladi. Oliy darajadagi uchrashuvlar o‘zaro hamkorlik rivojiga kuchli turtki berdi va barcha sohalarda uzoq muddatli strategik istiqbol uchun yangi konstruktiv asoslar yaratdi. 

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ta’kidlaganidek, do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik, mustahkam savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik, tashqi siyosatda o‘zaro anglashuv nafaqat mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi, balki Markaziy Osiyo va uning atrofida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘ladi. 

Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligida alohida ahamiyat kasb etadi. Bu masalada mamlakatlarimizning qarashlari o‘zgarmas va izchildir. O‘zbekiston va Turkmaniston ziddiyatli vaziyatlarni bartaraf etish, yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatlarni e’tiborga olgan holda, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror rivojlanishning shaffof va samarali mexanizmlarini yaratish tarafdoridir. Bu borada qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratiladi. Uni barqarorlashtirishning birdan-bir yo‘li tinch, siyosiy vositalar asosida umummilliy muloqot o‘tkazishdan iborat. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat, birinchi navbatda, BMT Afg‘onistonda tinchlik qaror topishi uchun o‘z imkoniyatlarini ishga solishi kerak. 

Tinchlik va xavfsizlik masalalaridan tashqari, mamlakatlarimiz muhim global masalalar – barqaror taraqqiyot, energetika xavfsizligi, xalqaro transport-tranzit aloqalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga birgalikda e’tibor qaratmoqda. 

Transport sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. O‘zbekiston va Turkmanistonning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. 

Mamlakatlarimiz mintaqadagi keng qamrovli energetik loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Bu loyihalar to‘g‘risida gap ketganda, yiliga 25 milliard kub metr gaz o‘tkazadigan Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy quvurini alohida ta’kidlash joiz. 

O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida izchil hamkorlik qilinmoqda. 

Xalqlarimiz azaldan yonma-yon, ahil-inoq yashab kelgan, bir daryodan suv ichgan, savdo-sotiq qilgan, bir-birining madaniyatini boyitgan. Bu yaqinlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojiga asos bo‘lmoqda. 

Xalqlarimizning tarixan shakllangan yaqin do‘stlik rishtalari va mushtarak madaniy ildizlari O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv mustahkamlanishi hamda sermahsul hamkorlik rivojlanishiga xizmat qilmoqda. 

 
Sharofiddin To‘laganov,
siyosiy sharhlovchi.

Поделиться