O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyatidagi tuman va shaharlar davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlariga viloyat hokimligi tomonidan “Damas” avtomashinalari topshirildi.
Darhaqiqat, davlat xizmatlari haqida so‘z ketganda tez, sifatli, shaffof, eng muhimi, yugur-yugurlardan xoli tizim tushunilishi kerak. Chunki, mazkur tamoyillar hayotda o‘z aksini topsa, xalq davlatdan, hokimiyatdan rozi bo‘ladi. Ishi yurishib, turmush darajasi, madaniyati yuksaladi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilning turmushdagi isboti o‘z-o‘zidan namoyon bo‘laveradi.
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletov va boshqalar Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ayni shu maqsadlarga xizmat qilayotgani alohida ta’kidladi.
– Joriy yil boshidan 160 dan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxsga 30 dan ziyod turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatildi, – deydi Zarafshon tumani davlat xizmatlari markazi rahbari K.Nurnazarov. – Bunday xizmatlar turi 2020 yilgacha 58 taga yetadi. Markazlarda barcha hujjatlar elektron tizim orqali harakatlanishi sababli, fuqaro yoki yuridik shaxs tegishli hujjatni rasmiylashtirishi uchun idorama-idora yurmaydi. Markazimizga xizmat mashinasi berilib, eng olis hududlarda ham joyning o‘zida xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgani aholi uchun yanada qulaylik yaratadi.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.
Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA